Mol go‘shti rekord darajada qimmatladi
Bu qiziq
−
06 Oktabr 2025 107782 1 daqiqa
2025 yilning sentyabr oyida dunyo bo‘ylab mol go‘shtining bir kilogramm o‘rtacha narxi 6,9 dollarga (83 629,38 so‘m) yetdi. Bu haqda Jahon banki ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning sentyabr oyida mol go‘shtining narxi 1960 yil boshidan beri eng yuqori darajaga yetgan va avgust oyidagi ko‘rsatkichdan 0,6 foizga va 2024 yildagidan deyarli 10 foizga oshgan.
Mutaxassislar bu tendensiyani Jahon bozorida mol go‘shti narxining oshishi, inflyatsiya, AQSH va Xitoy iste’molchilari talabining o‘sishi va raqobatdosh mahsulot bo‘lgan sut mahsulotlari narxining yuqoriligi bilan baholagan.
Shuningdek, narx oshishi iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilikning avj olishi, yaylovlarning qisqarishi va oziq-ovqat xarajatlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Dunyodagi eng yirik mol go‘shti ishlab chiqaruvchi davlatlardan biri bo‘lgan AQSHda bu yil sigirlar soni shu omillar tufayli 1951 yildan beri eng kam raqamlarni qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov hamda Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Enxbayar Jadamba o‘rtasidagi uchrashuvda O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2000 tonna halol ot va qo‘zi go‘shtining birinchi partiyasini sotib olishga kelishilgan edi.
Bunyod Keldiboyev