Modrich terma jamoadagi faoliyatini yakunladi
Sport
−
09:00 863 1 daqiqa
Xorvatiya milliy terma jamoasi afsonasi Luka Modrich milliy jamoadagi faoliyatini yakunladi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano ma’lum qildi.
“O‘yin tugagach, Krishtianu Ronaldu Luka Modrichning oldiga borib, unga hurmat bajo keltirdi. Bu Modrichning milliy terma jamoadagi so‘nggi uchrashuvi edi.
Ikki futbol afsonasi. Hurmat”, deb yozdi Romano.
Jahon chempionati 1/16 finali doirasidagi Portugaliya – Xorvatiya bahsi Portugaliyaning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Kanadaning Toronto shahridagi “BMO Field” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Modrich to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Krishtianu Ronaldu esa 68-daqiqada penaltidan gol urdi va ikkinchi bo‘lim oxirida maydonni tark etdi.
Luka Modrich Xorvatiya milliy terma jamoasidagi debyutini 2006 yilning mart oyida o‘tkazgan. U milliy jamoa tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi hisoblanadi. Modrich Xorvatiya safida 200 ta uchrashuvda maydonga tushib, 27 ta gol urdi va 29 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Shuningdek, u 2026 yilgi Jahon chempionatida milliy terma jamoa safida 200 ta o‘yin o‘tkazgan jahon futboli tarixidagi to‘rtinchi futbolchiga aylandi. Undan avval bu natijaga Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi va Bader Al-Mutva erishgan edi.