Modining Rossiyaga tashrifi AQSHni g‘azablantirishi mumkin – “Business Insider”
Olam
−
08 iyul
9321Bugun, 8 iyul kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi saylovdagi g‘alabasidan keyin Moskvaga ilk tashrifini amalga oshirdi. Bu esa Qo‘shma Shtatlarning g‘azab otiga minishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda “Business Insider” nashri yozmoqda.
Nashrning qayd etishicha, Modining Rossiyaga borishi rasmiy Vashington Prezident Vladimir Putinni yakkalab qo‘yishga urinayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Amerika rahbariyatini Hindiston borasidagi fikrlarini o‘ylab ko‘rishga undashi mumkin.
“Xuddi Putinning Vetnamga tashrifi kabi, Hindistonning Rossiya bilan o‘zaro hamkorligi Qo‘shma Shtatlar uchun yaxshi natija bermaydi, chunki bu Vashington Putinni yakkalab qo‘yishga urinayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda”, deyilgan nashr xabarida.
Shuningdek, Bosh vazirning Rossiyaga qilingan tashrifi butun dunyoga Nyu Dehli o‘z kun tartibini himoya qilishdan qo‘rqmasligini ko‘rsatadi. Hattoki, Modi X sahifasida rus tilida tvit qoldirdi.
“Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi maxsus va imtiyozli strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga intilamiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi xalqlarimizga katta foyda keltiradi”, deb yozgan Hindiston Bosh vaziri.
Ayni paytda ham Modi Rossiyada bo‘lib turibdi.
Ma’lumot uchun, Moskvadan keyin 9-10 iyul kunlari Hindiston Bosh vaziri Avstriyaga tashrif buyuradi, bu Hindiston hukumati rahbarining so‘nggi 40 yildagi birinchi tashrifi va Modining o‘zi uchun ham birinchi tashrif bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Moskvaga yetib borgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi