Modi Pokistonga tahdid qildi
Olam
−
02 avgust 9452 4 daqiqa
Pokistondan Hindistonga “har qanday yangi terroristik hujum” Rossiya-Hindiston qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan BrahMos qanotli raketalari yordamida qat’iy to‘xtatiladi. Bu haqda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bugun, 2 avgust kuni Varanasi shahridagi chiqishi davomida so‘z ochdi.
“Endi BrahMos raketalari Laknau shahrida ishlab chiqariladi. Agar Pokiston yana gunoh qilsa, Uttar-Pradeshda ishlab chiqarilgan raketalar terrorchilarni yo‘q qiladi. Pokistonda BrahMos haqida eslashning o‘zi odamlarni tunda hushyor saqlaydi. Uttar-Pradeshdan BrahMos raketalari yangi hujum sodir bo‘lgan taqdirda terrorchilarga zarba beradi”, dedi Modi.
Hindiston Bosh vaziri, shuningdek, jahon hamjamiyati “Sindoor” operatsiyasi davomida Hindiston mudofaa tizimlari samaradorligini allaqachon ko‘rganini ta’kidlab, havo mudofaa tizimlari, raketalar va dronlarni Hindistonning o‘zini o‘zi ta’minlash yo‘lidagi yo‘nalishi mustahkamligining isboti ekanini qayd etdi.
BrahMos Rossiya Mashinasozlik ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi va Hindiston Mudofaa vazirligining Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan. 1995 yilda raketani ishlab chiqarish uchun BrahMos Aerospace qo‘shma korxonasi tashkil etildi.
Raketaning quruqlik, dengiz va havoda joylashgan versiyalari mavjud. Joriy yil 11 may kuni Lakxnauda BrahMos raketalarini ishlab chiqaruvchi yangi zavod ishga tushirildi. Korxona 81 gektar maydonni egallaydi va uning qurilishiga 3 milliard rupiy (35 million dollar) sarflangan.
Zavod yiliga 80 dan 100 gacha BrahMos mavjud versiyalarni ishlab chiqarishni ta’minlashi kutilmoqda. Taxminan bir yildan keyin korxona yiliga 100 dan 150 tagacha yangi avlod BrahMos-NG raketalarini ishlab chiqaradi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 300 kilometrdan ortiq masofaga ucha oladigan BrahMos-NG og‘irligi bo‘yicha dastlabki versiyadan farq qiladi – avvalgi 2,9 tonna bo‘lsa, hozirgisi 1,29 tonna.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzgandi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.
Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.
Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.
30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.
7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.
8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi.
10 may kuni Pokiston Hindistonga qarshi “Banyan-ul-Marsus”, ya’ni “Mustahkam devor” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Bu operatsiya Hindiston tomonidan davom etayotgan “provokatsiyalar”ga javob sifatida ko‘rildi. Pokiston armiyasi Hindistonning bir nechta harbiy ob’ektlariga zarba bergan. Ular orasida Udxampur va Patxankot aviabazalari ham bor. Bundan tashqari, “BraMoc” rusumidagi kemaga qarshi tovush tezligiga ega raketalar ombori yo‘q qilingan.
Shu bilan birgalikda, 10 may kuni AQSH bilan muzokaralardan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp Pokiston va Hindiston zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani haqida ma’lum qilgandi. Islomobod va Nyu-Dehli buni tasdiqladi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, o‘t ochishni to‘xtatish mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da boshlangan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr