Modi Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashadi
Olam
−
19 avgust 2024
6306Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 23 avgust kuni rasmiy tashrif bilan Ukrainaga boradi. Bu haqda bugun, 19 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy idorasida ma’lum qildi.
“Bu Hindiston hukumati rahbarining ikki tomonlama munosabatlar tarixida davlatimizga birinchi tashrifidir”, deyiladi xabarda.
Uchrashuvda Zelenskiy va Modi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
O‘z navbatida, “Bloomberg” o‘z manbalariga tayanib, Modi “Vashington va Moskva o‘rtasidagi aloqalarni muvozanatlash” niyatida ekanligini, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi xabarlarni uzatishga rozi bo‘lganini, biroq Ukraina va Rossiya o‘rtasida “har qanday shaklda tinchlikni saqlashdan” bosh tortganini yozadi.
“Bloomberg” agentligiga ko‘ra, Hindiston Bosh vaziri xavfsizlik nuqtai nazaridan Kiyevda bir necha soat bo‘ladi va uning tashrifidan keyin jiddiy bayonotlar bo‘lmaydi. Agentlik manbalariga ko‘ra, ushbu safar davomida Hindiston uchun harbiy kemalar va samolyot dvigatellarida ishlatiladigan gaz turbinalari ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv muhokama qilinadi.
Mart oyida Narendra Modi va Vladimir Zelenskiy telefon orqali suhbatlashgan, uning davomida Ukraina rahbari Hindiston Bosh vazirini Ukrainaga taklif qilgan. Ular iyun oyida Italiyadagi G7 sammiti doirasida uchrashdi. Ushbu uchrashuvda Modi “Hindiston Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelganini qilishda davom etishini” yana bir bor ta’kidladi.
Narendra Modi 8-9 iyul kunlari Moskvaga tashrif buyurdi va u yerda Vladimir Putin bilan uchrashdi. 8 iyul kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga, shu jumladan Kiyevdagi Oxmatdit bolalar shifoxonasiga katta hujum uyushtirdi. Putin bilan uchrashuvda Hindiston Bosh vaziri Ukrainadagi urushni to‘xtatish va muloqot orqali tinchlikka erishishga chaqirdi, shuningdek, Kiyev kasalxonasida bolalarning o‘limi yuzasidan “og‘riq va dahshat”ni bildirdi.
“Begunoh bolalar o‘ldirilganda, ularning o‘lishini ko‘rsangiz, yuragingiz og‘riydi va bu azobga chidab bo‘lmaydi”, dedi Modi.
Vladimir Zelenskiy Modining Moskvaga tashrifini tanqid qildi.
“Dunyodagi eng yirik demokratik davlat rahbarining Moskvada dunyodagi eng halokatli jinoyatchini quchoqlaganini ko‘rish juda katta umidsizlik va tinchlik sa’y-harakatlariga zarba bo‘ldi”, degandi Zelenskiy o‘shanda.
LiveBarchasi