Mobiuz O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi
Biznes
−
10:21 354 2 daqiqa
Mobiuz mobil aloqa operatori hamda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatning madaniy merosini ommalashtirish, ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy o‘zbek san’atini targ‘ib qilishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Hujjatning imzolanishi joriy yilning iyun oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Jon Lejendning “Qo‘shiqlar va hikoyalar kechasi” konsertida boshlangan o‘zaro hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi. O‘shanda Mobiuz tadbirning oltin hamkori sifatida ishtirok etib, Registon maydonidagi konsert mehmonlarini yuqori tezlikdagi mobil internet bilan ta’minlagan edi.
.jpg)
Memorandum o‘zaro hamkorlikni tizimli va uzoq muddatli bosqichga olib chiqadi. Hujjatda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, madaniy tadbirlar hamda ta’lim dasturlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Fuqarolarning madaniyat va ta’lim sohasidagi tashabbuslardan bahramand bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Mobiuz telekommunikatsiya salohiyatini ishga soladi.
“Mobiuz uchun bu strategik ahamiyatga ega hamkorlikdir. So‘nggi yillarda Jamg‘arma O‘zbekistonning ko‘plab madaniy loyihalarini xalqaro miqyosga olib chiqdi. Biz ushbu tashabbuslarni butun mamlakat bo‘ylab keng auditoriyaga yetkazishni o‘z vazifamiz deb bilamiz. Infratuzilmamiz, raqamli xizmatlarimiz va millionlab abonentlar bilan muloqot qilish imkoniyatlarimiz bu ishning bir qismiga aylanmoqda. Imzolangan memorandum hamkorlikni izchil va uzoq muddatli rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi”, dedi Mobiuz bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Yoqubjon Saydaliyev.
“Madaniy merosni asrab-avaylash va zamonaviy san’atni targ‘ib qilish respublika miqyosida ishlay oladigan hamkorlarni talab etadi. Mobiuz Jamg‘armaning madaniy tashabbuslarini mamlakatimizning barcha hududlarining aholisiga yetkazish imkonini beruvchi infratuzilma va auditoriyasiga ega. Imzolangan memorandum qo‘shma loyihalar, ta’lim dasturlari va ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz”, deya ta’kidladi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining o‘rinbosari Saidaziz Ishanxo‘jayev.
.jpg)
Registon maydonidagi konsert texnologiyalar insonlarni birlashtirishga va mamlakatning madaniy hayotida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga qanday yordam berishini namoyon etdi. Mobiuz va Jamg‘arma hamkorligi – O‘zbekistonning madaniy merosi hamda ijodiy yutuqlarini har bir yurtdoshimizga yanada yaqinroq va tushunarliroq qilish maqsadida madaniyat bilan zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirish imkoniyatidir. Endilikda Mobiuz mana shunday tashabbuslarga doimo hamroh bo‘ladi.
Reklama huquqi asosida
Live
Barchasi