Mobil aloqa kompaniyalari to‘lagan soliqlar keskin kamaydi
Jamiyat
−
19 noyabr 2793 2 daqiqa
Xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan to‘langan soliqlar 30 trln so‘mdan oshdi. Shuningdek, uyali aloqa kompaniyalari soliq tushumlarini keskin tushirib yuborgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan hisobotda keltirilgan.
Qayd etilishicha, 2025 yil yanvar-sentyabr’ oylarida xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 161 351 ta yuridik shaxs tomonidan 30,1 trln so‘mdan ortiq soliq to‘langan. Shundan 5,3 trln so‘mdan ortig‘i, ya’ni 17,8 foizi 20 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 65,2 trln so‘mni, foydalangan soliq imtiyozlari miqdori esa 5,7 trln so‘mni tashkil etgan.
Ushbu davrda soliq tushumlari miqdori bo‘yicha Asia Trans Gas yetakchilik qilgan. Mazkur kompaniya 1,05 trln so‘mdan ko‘proq soliq to‘lagan. Keyingi o‘rinlarni “O‘zbektelekom” (848 mlrd so‘m) va Uzbekistan Airways (633 mlrd so‘m) egallagan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” to‘rtinchi (492 so‘m) va Unitel (292 mlrd so‘m) beshinchi o‘rinni olgan.
Shuningdek, iqtisodchi Otabek Bakirov uyali aloqa kompaniyalari soliq tushumlarini keskin tushirib yuborganiga e’tibor qaratdi.
Joriy yilning 9 oyi yakuni bilan 2024 yilning 9 oyiga solishtirganda to‘langan soliqlar:
- “O‘zbektelekom” AJda 1 trln 60,7 mlrd so‘mdan 848,1 mlrd so‘mgacha;
- “Unitel” MCHJda 474,4 mlrd so‘mdan 292,1 mlrd so‘mgacha;
- “Coscom” MCHJda 322,7 mlrd so‘mdan 224,2 mlrd so‘mgacha;
- UMS MCHJ 286,8 mlrd so‘mdan 158,6 mlrd so‘mgacha qisqargan.
Iqtisodchiga ko‘ra, bu holat uyali aloqa kompaniyalari uchun aksiz solig‘i bekor qilinishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ya’ni aloqachilar kamroq soliq to‘lab, ko‘proq foyda olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun narxlar oshirilgani yuzasidan o‘rganish boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi