MO va YeI yetakchilari Orolga oid ko‘rgazma bilan tanishdi
Jamiyat
−
04 aprel 3715 1 daqiqa
"Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" formatidagi birinchi oliy darajadagi rasmiy uchrashuv yakunlangach, yetakchilar birgalikda Orol madaniyat sammiti ekspozitsiyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘rgazmada Orol ekotizimini tiklash, hududning madaniy merosini asrab-avaylash va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan noyob tashabbuslar namoyish etildi. Bu yerda vizual, sensor va interfaol vositalar orqali Orolbo‘yining tabiiy va madaniy boyligi bilan tanishish mumkin.

Ko‘rgazmadan me’morchilik va landshaft fotografiyasiga ixtisoslashgan mashhur fotosuratchi Ivan Baanning asarlari, Qoraqalpog‘iston uchun xos o‘simlik hisoblangan qamishdan yaratilgan floristik kompozitsiya, shuningdek, Orolbo‘yining an’anaviy mahsulotlari - saksovul urug‘i, chig‘anoqlar, tabiiy tuz, quritilgan isiriq, naqshli namat va boshqa ko‘plab eksponatlar o‘rin olgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan sammit ishida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi. Yetakchilar Samarqand xalqaro iqlim forumida ham qatnashdi.
Live
Barchasi