Miyadan suitsid signalini o‘chirish mumkin: depressiya qanday davolanadi?
Intervyu
−
10 fevral
10220Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 3,8 foizi depressiyada va har yili ularning 700 mingdan ortig‘i o‘z joniga qasd qiladi. So‘nggi paytlarda o‘zbekistonliklarning ham o‘zini baland qavat yoki ko‘prikdan tashlagani va osgani haqidagi xabarlarga ko‘p duch kelmoqdamiz. O‘tgan 2024 yilning o‘zida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan suitsidlarga bir necha o‘nlab misollar keltirish mumkin. Ko‘p uzoq emas, uch kun oldin ham Bosh prokuratura qashqadaryolik 17 yoshli qiz o‘zini 16 qavatli uyning tomidan tashlab, o‘z joniga qasd qilganini ma’lum qildi. Balki o‘quvchi qizni ham bu qarorga olib kelgan yov aynan depressiyadir. Xo‘sh, inson ichidagi ko‘rinmas qotil – depressiya o‘zi qanday kasallik? QALAMPIR.UZ o‘quvchilarni hushyorlikka chaqirish maqsadida shu va boshqa savollar bilan mutaxassisga yuzlandi.
Iqbol Ergashova, muxbir: — Depressiya va uning tashxislanishi borasida to‘xtalib o‘tsangiz.
Zebiniso Ahmedova, psixiatr: — Ikki xil depressiya mavjud: endogen va ekzogen. Endogen bu nasldan naslga o‘tadigan depressiya demakdir. Ya’ni ba’zi insonlar genida kayfiyat yo‘qligi, hech narsaga qiziqmaslik va o‘z joniga qasd qilishni xohlash kabi simptomlar mavjud bo‘lishi mumkin. Shuningdek, situativ, ya’ni vaziyatga bog‘liq depressiya bo‘lishi ham mumkin. Masalan, kimningdir ota-onasi vafot etadi yoki bolasi shifoxonaga tushib qoladi, shunday paytda inson situatsion depressiyaga tushib qolishi mumkin. Bundan tashqari, bipolyar affektiv buzilish kasalligi ham bor va bunda bemorning birdaniga nimadir ish qilgisi kelib qoladi-da, birozdan so‘ng yana birdaniga depressiv holatga tushib, dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lib qoladi. Qolaversa, negativ fikrlarning pozitiv fikrlardan ustunligini namoyon qiluvchi depressiv xarakter ham bor. Bunday odam bilan gaplashilganida har doim qovoq solishi va yomon narsalarni ko‘proq o‘ylashiga guvoh bo‘lish mumkin. Lekin bu uning kasalligi emas, bu uning xarakteri. Odam o‘zidagi bunday xarakter yomonligini biladi, lekin shunday yashashda davom etadi.
Depressiv kasallik tashxisini qo‘yish uchun dunyo standartiga ko‘ra, 14 kun ichida asosan quyidagi 3 ta shikoyat kuzatilishi kerak:
- kayfiyat yo‘qligi. Bu 6 soatgacha davom etsa – yengil forma, 12 soatgacha davom etsa – o‘rta og‘ir forma, 24 soatgacha davom etsa – og‘ir darajali forma. Bu vaqtda kishining hech narsa qilgisi, hech kim bilan gaplashgisi kelmaydi, hech qanaqa istak bo‘lmaydi, hissiyotlar o‘zgarmaydi, yorug‘lik va shovqin yoqmaydi.
- Angedoniya. Bunda inson hech narsadan zavqlanmaydi: kulayotgan bolasi, yangi mashinasi, yangi uyi – hech narsa zavq bermaydi.
- Miyaning hech narsadan dam olmasligi. Ya’ni uxlaganda dam ola olmaydi.
Agar kishida mana shu 3 ta belgi kuzatilsa va 14 kun davom etsa, biz bu odamga depressiya tashxisini qo‘ya olamiz. Agar odamda mazkur 3 ta belgidan 2 tasi bo‘lsa, biz quyidagi boshqa 7 ta kichik belgilarni izlaymiz:
- uyqu yo‘qligi yoki judayam ko‘pligi.
- ovqat yemaslik yoki juda ko‘p yeyish va yegan ovqatidan zavqlanmaslik.
- diqqat yetishmasligi.
- o‘zini ayblash.
- xotiraning pasayishi. (Inson hech narsani xotirada saqlab qola olmaydi: hozir nima qilgani, qayerga borgani esidan chiqib qoladi; o‘tmishdagi og‘ir xotiralarni esa juda yaxshi eslaydi).
- jismoniy aktivlik yo‘qligi
- suitsidal fikrlar.
Bundan tashqari, depersonalizatsiya va derealizatsiya belgilari ham mavjud. Depersonalizatsiya – insonning o‘ziga begona bo‘lib qolishi. Derealizatsiya – dunyoning jonsizdek tuyilishi. Agar suitsidal fikrlar va depersonalizatsiya birga kechsa, kishi o‘z joniga qasd qilib qo‘yishi ehtimoli oshadi.
I.E.: — Qaysi usullar depressiyani davolashda samarali hisoblanadi?
Z.A.: — Endogen formadagi depressiyani dori preparatlari yordamida yillab davolaymiz. Agar shunda ham bemorning “o‘zimni o‘ldirgim kelyapti” degan fikri yo‘qolmasa, elektrokonvulsiv terapiya qilinadi. Bunda miyaga tok berish yo‘li bilan undagi “o‘zimni o‘ldirmoqchiman” degan fikr o‘chiriladi. Ya’ni inson o‘z joniga qasd qilib qo‘ymasligi uchun elektrokonvulsiv terapiya qilinadi. Yengil depressiya holatlarida esa antidepressant preparatlar bilan birgalikda psixoterapiya usullari qo‘llaniladi. Inson miyasi o‘zini-o‘zi qutqara olmaganida tan olingan shu va boshqa bir qancha psixoterapevtik metodlardan foydalanamiz. Aytib o‘tishim kerakki, depressiyaning yengil ko‘rinishlarida, ya’ni kayfiyat yomonligi, qiyinchilikdan chiqib keta olmaslik holatlarida xalqona usullardan foydalansa bo‘ladi. Bular sayohatga borish, o‘ziga yoqadigan insonlar bilan suhbat, motivatsiya beradigan kitoblar o‘qish yoki kinolar tomosha qilish usullari bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha O‘zbekistonda odamlar dofaminni ovqatdan oladi, boshqa usullarni deyarli bilmaydi. Ushbu baxt gormonini fizik yuklamalardan ham olish mumkin. Avvallari dofamin olish uchun sayllar qilingan. Nodirabegimlar tanbur chertardi. Hozir xalq tanbur ham chertmay qo‘ydi, Instagram’dan chiqmay qoldi. Instagram’ning umri tugashiga ko‘pi bilan 50 yil qoldi deb o‘ylayman. Negaki odamlarning ko‘zi xiralashishni boshlaydi, depressiyaga tushib, nega men unaqa emasman deyishni boshlaydi. Odamlarning qisqarib ketgan diqqatni kengaytirishga majbur bo‘lishi oqibatida YouTube platformasi aktualga aylanishi mumkin.
I.E.: — Miyaga tok berib davolash haqida gapirib o‘tdingiz. Bu terapiyani ko‘pchilik eshitmagan bo‘lsa kerak. O‘zi uning samaradorligi qanchalik?
Z.A.: — Men bu bo‘yicha Turkiyada o‘qib keldim. O‘zbekistonda hali bunday apparatlar juda sanoqli. Faqat shizofreniyadagi depressiya holatlaridagina bunday usul qo‘llaniladi. Aytib o‘tishim kerakki, bunda salbiy oqibatlar paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘z joniga qasd qilishga moyilligi mavjud bir bemorimda shu terapiya o‘tkazildi. Amaliyotdan keyin suhbatlashganimda u menga endi hech qanday hissi yo‘qligini aytdi. Ya’ni unda avvalgidek kayfiyat yo‘q, serharakatlik yo‘q. Nimadir qilsa ham xohlab emas, shuni qilishim kerak degan fikr tufayli qiladi.
I.E.: — Depressiya tanada o‘zini qanday namoyon qiladi?
Z.A.: — Tananing har xil joylarida og‘riqlar kuzatilishi mumkin. Bundan tashqari, depressiyaning atipik turi ham bor. Bunda odam o‘zining depressiyadaligini bilmasligi ham mumkin. Chikago yettiligi (Chikago seven) degan tushuncha mavjud va unga ko‘ra, psixologik stresslar oqibatida quyidagi kasalliklar: oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak kasalligi, yurak qon-tomir kasalliklari (semizlik va rak), endokrin tizimi kasalliklari, suyak kasalliklari, bronxial astma va tuzalmas teri yaralari kelib chiqadi.
Aslida organizmning bu kasalliklarni yengishga kuchi yetarli, lekin depressiya tufayli tana yutqazishi mumkin. Qolaversa, doimiy charchoq, miyaga yaxshi fikrlar kelmasligi, og‘irlik, migren va shunga o‘xshash bosh og‘riqlar, o‘z-o‘zidan ko‘ngil aynishi kabilar ham depressiyaning tanadagi belgilari hisoblanadi. Ma’lumot uchun qo‘shimcha qilishimiz mumkinki, bel aylanasining ayollarda 85 santimetrdan, erkaklarda 97 santimetrdan ortiq bo‘lishi – depressiyaning semizlik bilan namoyon bo‘layotgan ko‘rinishi.
I.E.: — Bolalar ham depressiyaga tushadimi? Bu hol ularda qanday kechadi?
Z.A.: — Oila bolaga optimistik va pessimistik fundament beradi. Pessimistik fundament ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi: noluvchi va qo‘rqituvchi. Har ikki ko‘rinishda ham depressiv bola yetishtiriladi. Masalan, “bo‘lmaydi”, “qattiq gapirma”, “qila olmaysan”, “kechasi bilan o‘ylab chiqdim”, “qayerda yurding deb xavotirlandim” kabi noluvchi jumlalar ko‘p takrorlanadigan oilada farzandlar arzimagan narsaga qo‘rqish va stressga tushishga ko‘proq moyil bo‘ladi. Bolalardagi depressiyada tagini ho‘llab qo‘yish, ko‘p shamollash, injiqlik, qayt qilish, qaysarlik va kechasi uxlay olmaslik belgilari namoyon bo‘ladi. Bunda shifokorga borish va har qanday dori hamda biofaol qo‘shimchalarni o‘zboshimchalik bilan qo‘llamaslik qat’iyan tavsiya etiladi.
I.E.: — Kishi o‘zini depressiyadan olib chiqish uchun nima qilishi kerak?
Z.A.: — Avvalo, endogen depressiyani bee’tibor qoldirmaslik kerak. Bundan tashqari, kimga murojaat qilishni ham bilish zarur. Odatda nevropatologga murojaat qilishadi. Shifokorlar ham nevrologik diagnoz qo‘yadi, oqibatda bemorning oila a’zolari uni nevrologik kasal ekan, asabi charchabdi deb qo‘ya qoladi, xolos. Depressiyadagi odam holatiga atrofdagilar ham, o‘zi ham yuzaki qarashi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ba’zida 30 dan oshsa ham oila qurmayotgan yigit-qizlarga turli savollar berishadi. Ammo ularning depressiyaga tushib qolgan bo‘lishlari mumkinligini o‘ylashmaydi. Ularga yaxshi va malakali psixoterapevtik yordam kerak bo‘lishi mumkin.
Hozir ba’zi psixologlar oqibatini o‘ylamay, malakasi yetmasligini hisobga olmasdan piar uchun vahima va qo‘rquv (kasalliklari)ni yengishni da’vo qilishyapti. Piar bilan brendni farqi bor. Malakali psixologlarga o‘zini reklama qilmasa ham foyda ko‘rgan bemorlarning boshqalarga tavsiyalari tufayli odamlar kelaveradi.
Bir qancha “psixolog”lar ayollarga erdan pul olishni o‘rgatishni iddao qilishdi. Bu bilan erlar pul berib qolishmadi-ku! Nega endi ko‘pchilik shunday psixologlar vahima va nevrozni davolashga sakrab o‘tishdi? Chunki odam kelmay qoldi ularga! Chunki ishonmay qoldi. Negaki shukronalik yozib-yozib daftarlarni to‘ldirib yuborishdi. Yozib o‘tirish uchun emas, shukronalik! Amallarda ko‘rinadi shukronalik!
LiveBarchasi