Millatchilikning mitti qurboni yoxud Rossiya imperializm g‘oyalariga tutilgan oyna

Tahlil

Uzoqlarda musofirning kuniga kim yaragan? 
Uyoqlarda musofirning ko‘ngliga kim qaragan? 
Bir mezbon bu, mehmonini talagani talagan, 
Biz Dasturxon tortadurmiz, ular xanjar, Qobiljon!

Qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik – bir oila, aholi,
Qoraqalpoq, ozar, o‘zbek – onang kabi ahvoli.
Ichi qora siyosatning meva berdi niholi,
Kim o‘ylabdi ilk hosili senga mahtal, Qobiljon!

Bu misralar Ekrin Bozorov qalamiga mansub va shu kecha-kunduzda Rossiyadagi tojikistonlik migrant oilaning 10 yashar bola Qobiljonning qoni bilan yozildi, ta’bir joiz bo‘lsa.

Rossiyadagi maktablardan birida sodir bo‘lgan hujum butun Rossiya va Markaziy Osiyo jamoatchiligini larzaga soldi. 15 yoshli rus millatiga mansub o‘smir boshqa millat vakillariga hujum qilib, ularni o‘ldirishni niyat qilgan edi. Oqibatda 10 yoshli Tojikiston fuqarosi Qobiljon Aliyev millatchilik qurboni bo‘ldi. Ushbu voqea nafaqat bir oilaning fojiasi bo‘ldi, balki butun dunyo ko‘z o‘ngida millatchilikning dushmani niqobini taqib, aslida esa xalqining qon-qonigacha millatchilik g‘oyalarini, narsistlikning eng tuban ko‘rinishlarini singdirib borayotgan, buni siyosat darajasida bajarayotgan hozirgi Hukumatning yuzini ochib tashladi. Ha, bu bugungi Rossiyaning yuzi. Afsuski, uning asl basharasi 10 yashar Qobiljonning qurbon bo‘lishi orqali ochilmoqda. Ochilmoqda, deyishga erta, tarixga yozilmoqda. Taassufki, hali ne-ne qurbonlar berilmaydi, deysiz... Qobiljon yo boshlanishi, yo navbatdagisi, xolos. 

O‘zi nima bo‘ldi?

2025 yilning 16 dekabr kuni tongda Moskva viloyatining Gorki-2 posyolkasida joylashgan “Uspenskaya” umumta’lim maktabida mudhish voqea sodir bo‘ldi. 15 yoshli o‘smir pichoq va ko‘zni achishtiruvchi gaz bilan avval maktab qo‘riqchisiga, so‘ng to‘rtinchi sinf o‘quvchisiga hujum qildi. Oqibatda 10 yoshli o‘quvchi hayotdan ko‘z yumdi, yana bir necha kishi jarohat oldi.

Qotillik qanday yuz berdi

Voqea joyida olingan videolarda hujumchining maktab binosiga kirib kelgani va qo‘lida pichoq bilan o‘quvchilarga yaqinlashgani ko‘rinadi. U o‘qituvchi va o‘quvchilar guruhiga qarab: “Qaysi millatga mansubsiz?”, deb so‘ragan. Keyin qo‘riqchi yaqinlashganda o‘smir avval  ko‘zni achishtiruvchi gazni uning yuziga purkagan, so‘ngra pichoq bilan hujum qilgan. Keyin u bolalarga qarab yugurib, qochmoqchi bo‘lgan bolakay, 4-sinf o‘quvchisi – tojik milllatiga mansub 10 yashar Qobiljonning ortidan quvib, unga bir necha marta pichoq sanchgan. Bola voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. Eng achinarlisi, bu jirkanch voqea o‘smirning o‘zi tomonidan suratga olingan va ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy kanaliga joylangan.

Aslida esa 9-sinf o‘quvchisining nishoni matematika o‘qituvchisi – 29 yoshli Mariya bo‘lgan. U hodisani sodir qilgan o‘smirning sinfida o‘rindosh o‘qituvchi bo‘lib, unga yaxshi o‘zlashtirmagani uchun muntazam ravishda tanbeh berib kelgan.

Nafrat g‘oyalari ta’siridagi o‘smir

Qotillikni sodir etgan o‘smir begona emas, u ham shu maktabning 9-siinfida tahsil olgan Timofey. U hujumga bir necha kun davomida tayyorgarlik ko‘rgan. Shu vaqt ichida “Mening g‘azabim” nomli 11 betlik manifesto yozgan va sinfdoshlariga yuborgan. Manifesto matnida jamiyatga va boshqa millat va din vakillariga nisbatan nafrat qayd etilgan. U jamiyatdan nafratlanishini yozib, odamlarni “biochiqindi” deb atagan. Muammolarda esa musulmonlarni, LGBT’ni, yahudiylarni, antifashistlarni, liberallarni va muxolifatchilarni ayblagan. 15 yashar bolada buncha nafrat qaydan?  

Hujumning rasmiy sabablari hozircha e’lon qilinmagan. Operativ xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smir “destruktiv yoshlar oqimi” a’zosi bo‘lishi mumkin.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, qotillikdan so‘ng o‘smir o‘zining 10 yoshli qurboni fonida selfi olgan. Uning futbolkasida “No Lives Matter (Hech qaysi hayot muhim emas)” yozuvi bo‘lgan. Bu onlayn guruh mizantropik g‘oyalarni targ‘ib qiladi, zo‘ravonlik, terror va insoniyatni yo‘q qilish tarafdori hisoblanadi.

Guruhning asosiy tamoyillari – radikal nixilizm va antigumanizm. “No Lives Matter” nomi esa “Black Lives Matter (Qora tanlilarning hayoti muhim)” harakatiga ishora sifatida ishlatilgan. Bu harakat AQSHda irqiy adolatsizlik va qora tanli odamlarga nisbatan zo‘ravonliklarga qarshi kurash sifatida vujudga kelgan. Ular maqsadi – irqiy tenglikni targ‘ib qilish va qora tanllarning hayotini qadrlashni jamiyatga eslatish.

O‘smirning boshidagi shlemda amerikalik neonatsist Dilan Rufdan olingan iqtibos bor edi. Ruf 2015 yilda AQSHning Charlestondagi cherkovida to‘qqiz nafar qora tanlini o‘ldirgan. Shlemdagi ibora shunday edi: “Buni men qilishimga to‘g‘ri keldi, chunki kimdir nimadir qilishi kerak edi”.

Ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan yana bir videoda Timofey sinfxonalardan biriga kirib, “o‘zi ismini eslay olmagan, qoramtir” o‘qituvchining bugun kelgan-kelmaganini so‘ragan. O‘smir o‘qituvchining savoliga: “Men baribir umrbod qamoqda o‘tiraman. Vikipediyada o‘qiysiz”, deya javob qaytargan.

Tergov jarayoni

Hozirda Timofeyning sodir etgan qotilligi yuzasidan tergov jarayoni olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘z aybini tan olgan. Rasmiylar o‘smirning psixologik holatini ham tekshiradi. Hujum bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik), 30-moddasining 3-qismi (jinoyatga tayyorgarlik va qotillikka urinish) va 105-moddasining 2-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Halok bo‘lgan bola va uning oilasi

Qobiljon Aliyev Tojikiston fuqarosi bo‘lgan. Uning otasi vafot etgan, onasi esa aynan o‘g‘li o‘qiydigan maktabda farrosh bo‘lib ishlagan. Bolaning akasi ham shu maktabda o‘qigan. 

Qobiljon Aliyevning fojiaviy vafoti nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun MDH, Turkiy dunyo va xalqaro maydonda muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Aksariyat ziyolilar, siyosatchilar, faollar va jamoatchilik vakillari ushbu voqeada bevosita siyosatni va Putin Rossiyasining g‘oyaviy targ‘ibotini ayblamoqda. Shuningdek, masalani chuqur tahlil qilayotganlar orasida Tojikistondagi siyosiy muhit, uzoq yillardan buyon davom etayotgan boshqaruv, nepotizm, korrupsiya va ishsizlik muammolarini fojianing chuqur ildiz otgan asosiy sababi sifatida ko‘rsatayotganlar ham yo‘q emas. 

Federatsiya Ichki ishlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil o‘rtalariga kelib, Rossiyada taxminan 6,2 million migrant ro‘yxatdan o‘tgan. Rasmiy xabarnomalarga ko‘ra, Rossiyada 1 milliondan ortiq tojikistonlik migrant bor, ammo tahlilchilar tojikistonliklar allaqachon 3 milliondan oshganini aytadi. Mavjud qonunchilikka binoan Tojikiston fuqarolari Rossiya hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan (15 kun) uzoq muddat bo‘lish, shuningdek, uch yilgacha patent olish imkoniyatiga ega. Tojikiston Rossiya pasportini olgan fuqarolar soni bo‘yicha MDHda yetakchilik qiladi. 2022–2023-yillarda har yili 170 000 dan ortiq odam Rossiya fuqaroligini olgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan muloqotlarda migrantlar masalasini ko‘tarmasa hisobmas, u doim gap avvalida Tojikiston Prezidentiga Rossiyada qancha tojikistonlik ishlayotganini eslatib, ularning taqdiri haqida o‘ylash ustuvor masala ekanini qistirib o‘tadi. 

Aslida tojikistonliklarga nisbatan bunday munosabat Rossiyada bugun boshlangani yo‘q. O‘zi umuman, Markaziy Osiyodan borganlar birinchi marta oyoqosti qilinmayapti. Qirg‘izlar cho‘milayotgan hammomgacha kirib boriladi, o‘zbeklar konsert tomosha qilayotgan restorandagi bazm maxsus reydga aylanib ketadi, migrantlar emaklatiladi. Nega? Siyosat shuni xohlaydi. Ha, aynan siyosat boshidagilar bu xalqlarni doim ezishni, ruslarga xizmat qilayotganini eslatib turishni xohlaydi. Siyosatchilari televideniye efiriga chiqib, bu xalqlar avval bo‘lmagan, ularning yerlarini qo‘shib olish kerak, bu yerlarni, bu chegaralarni ularga buyuk SSSR bergan desa, oddiy taksi buyurtma qilgan yo‘lovchisi ham taksi haydovchisini qulsan, deb haqoratlaydi. Markaziy Osiyo davlatlari nima qiladi? Nari borsa, Tashqi ishlar vazirliklari darajasida sal andisha bilan e’tirozcha bildiradi. 

Ha, boya aytganimdek, bu tojikistonliklarga nisbatan nafratning ilk namunasi emas. Yodingizda bo‘lsa, 2024 yilning 22 mart kuni Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga qilingan hujum 149 kishi qurbon bo‘ldi. Voqea ortidan hujumni tojikistonliklar amalga oshirgani aytildi, sud boshlandi, davom etmoqda, tojikiston fuqarosi Shamsiddin Fariduni aybiga iqror bo‘ldi. O‘shandan keyin boshlandi hammasi, aslida bor edi, asos qilib olindi, xolos. 

Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar

Ushbu ayanchli voqea Tojikiston va Rossiya o‘rtasida diplomatik darajada keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini chaqirib, rasmiy protest va xolic tergov talab qiluvchi nota topshirdi. Ular voqeaning milliy nafrat asosida sodir etilgani ehtimoliga e’tibor qaratdi va tergovning shaffof bo‘lishi istashini bildirdi. 

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunga javoban inson hayoti har qanday millat va fuqarolikdan qat’iy nazar eng yuqori qadriyatlarga ega ekanini ta’kidlab, tergovda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Rasmiylar, o‘z navbatida, Tojikiston bilan strategik sheriklikni qadrlashini va voqeani xolic tergov qilishga harakat qilishini ma’lum qilgan.

Qobiljon Aliyev 18 dekabr kuni Rossiyadan Tojikistonga olib kelindi, Shahrinav tumanidagi Adjam qishlog‘idagi qabristonga, otasining qabri yoniga dafn etildi. Uning janozasini Tojikiston muftiysi Saidmukarram Abdulkodirzoda o‘qidi. 

Tojikistonlik oilaning, yolg‘iz mushtupar onaning bolasi Qobiljon Aliyev bilan sodir bo‘lgan voqea istalgan migrant bo‘lishi mumkin edi. Uning ehtimoli bartaraf emas. Ammo bugun nafaqat Qobiljon, balki jamiki onalar ko‘z yosh to‘kmoqda. Jirkanch siyosatga la’nat o‘qimoqda. 

Dasturni yana Erkin Bozorovning misralari bilan yakunlashga qaror qildik:

O‘z ukangni asrab qoldi qalbingdagi shahd sening, Akaliging taqdir ekan va joningga qasd sening. O‘zin og‘a sanaganlar tovoningda past sening, Qo‘rqoq azal do‘stga ortdan pichoq sanchar, Qobiljon.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya migrant Tojikiston Putin Qotillik Markaziy Osiyo tojikistonlik diplomatik munosabatlar Ekrin Bozorov Qobiljon Aliev Dilan Rufdan Saidmukarram Abdulkodirzoda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing