Missisipi shtati gubernatorining O‘zbekistonga tashrifi maqsadi nimalardan iborat?
Jamiyat
−
15 may 2019
3339Xabaringiz bor, kecha, 14 may kuni O‘zbekiston respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayantni qabul qilgan edi.
Gubernator davlat rahbari bilan uchrashuvdan so‘ng O‘zA muxbiriga maxsus intervyu berdi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan xalqaro bozordagi hamkorligimiz, xususan, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyasini jalb etish yo‘llari, ilg‘or texnologiya imkoniyatlaridan foydalanish, qishloq xo‘jaligi sohasida tajriba almashish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdik.
Missisipi shtati qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan salohiyatga ega. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston fermerlari bilan aloqa o‘rnatish, ular yetishtiradigan mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqish borasida hamkorlik qilish mumkin.
AQSH O‘zbekistonga katta ishonch bilan qaraydi. Mamlakatingiz faol tashqi siyosat olib bormoqda, bu yerda yangi erkinlik tuyg‘usi hukmronlik qilmoqda. Mamlakatingiz biznesni rivojlantirish uchun o‘z eshiklarini keng ochgan.
AQSHning “SilverLeaf International” kompaniyasi o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha mamlakatingizning tegishli idoralari bilan kelishuv imzolagan edi. Yangi qo‘shma korxona paxtani ilg‘or texnologiyalar asosida yetishtirish va xom ashyoni qayta ishlab, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Biz, shuningdek, baliqchilik sohasida ham ish yuritamiz. Bu borada mamlakatingiz bilan texnika va texnologiyalar, tajriba almashishimiz, shu tariqa ikki mamlakat iqtisodiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shishimiz mumkin.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan tajriba va keng imkoniyatlarga ega. Mamlakatingizda agrobiznesni taraqqiy ettirish borasida jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Biz O‘zbekistonning sohaga oid universitet va kollejlari bilan ham hamkorlik qilish niyatidamiz.
O‘zbekistonga tashrif doirasida Toshkent, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida bo‘lamiz. Joylarda yurtingizning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlari bilan bevosita tanishish niyatidamiz”, deydi Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant.
LiveBarchasi