“Miss International-2022” tanlovida O‘zbekiston vakili sovrindor bo‘ldi
Madaniyat-san’at
−
14 dekabr 2022
22557Kecha, 13 dekabr kuni Yaponiyaning Tokio shahrida xalqaro “Miss International” go‘zallik tanlovi o‘z nihoyasiga yetdi. E’tiborlisi, “Eng yaxshi milliy libos” mukofotini o‘zbekistonlik Nigina Faxriddinova qo‘lga kiritdi. U tanlovda paranji libosida ishtirok etgan. Bu haqda tanlovning Instagram sahifasida xabar berildi.
2022 yilda o‘tkazilgan ushbu go‘zallik tanlovida 66 nafar go‘zal g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
“Miss International-2022” tanlovining oliy mukofotiga Germaniyalik Yasmin Zelberg loyiq deb topilgan.
Tanlovda qit’alar kesimida ham eng go‘zal qizlar aniqlangan. Bular:
“Miss International Osiyo” – Kiko Masuo (Yaponiya)
“Miss International Yevropa” – Anna Merimyaa (Finlyandiya)
“Miss International Afrika” – Stefani Amado (Kabo-Verde)
“Miss International Amerika” – Korrin Stellakis (AQSH)
“Miss International Okeaniya” – Lidiya Smit (Yangi Zelandiya)
Qolaversa, qo‘shimcha yo‘nalishlarda ham maxsus mukofotlar o‘z egalariga topshirilgan. Jumladan, “Eng yaxshi kechki libos” va “Tomoshabinlar simpatiyasi” – Tatyana Kalmellga (Peru) hamda “Eng yaxshi foto qiyofa” nominatsiyasi Valeriya Guterresga (Ekvador) nasib etdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Miss International” tanlovi ilk bor 1960 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, tanlov 2020 va 2021 yillarda COVID-19 pandemiyasi sabab o‘tkazilmagan.
60-marotaba o‘tkazilgan tanlovda eng ko‘p Kolumbiya vakillari g‘alaba qozongan (8 marotaba).
Qayt etish joizki, dunyo miqyosida asosiy to‘rtta go‘zallik tanlovi mavjud bo‘lib, “Miss International” dan tashqari, “Dunyo go‘zali”, “Koinot go‘zali” va “Yer go‘zali” tanlovlari xalqaro jamoatchilikning e’tiborini o‘ziga jalb etadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida o‘tkazilgan “Yer go‘zali” tanlovida Janubiy Koreyalik Mina Syu Choy g‘olib bo‘lgan edi.
LiveBarchasi