Misr Prezidenti Turkiyaga yo‘l oldi

Olam

image

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bugun, 4 sentyabr kuni 12 yil ichida birinchi marta Turkiyaga boradi va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

“Turkiya-Misr munosabatlari har tomonlama ko‘rib chiqiladi va kelgusi davrda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha mumkin bo‘lgan qo‘shma qadamlar muhokama qilinadi”, deyiladi Turkiya Prezidentining aloqa idorasi bayonotida.

Qayd etilishicha, uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlardan tashqari, dolzarb mintaqaviy va global muammolar, ayniqsa Isroilning G‘azo va bosib olingan Falastin hududlariga hujumlari yuzasidan fikr almashiladi. Sisi Anqaraga mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da yetib borishi kutilmoqda. Shundan so‘ng, 17:00 da qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Anqara va Qohira o‘rtasidagi munosabatlar 2013 yilda Misrning o‘sha paytdagi armiya boshlig‘i Sisi Muhammad Mursiyni hokimiyatdan ag‘darganidan so‘ng buzilgan edi. Mursiy Turkiyaga 2012 yilda Prezident sifatida tashrif buyurgan. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar 2020 yil Anqara Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misr bilan keskinlikni yumshatish uchun harakatlarini boshlaganidan so‘ng yaxshi tomonga o‘zgarmoqda.

Turkiya va Misr o‘tgan yili o‘zaro elchilarni qayta tayinlagan va Anqara Qohirani harbiy uchuvchisiz uchoqlar bilan ta’minlashini aytgan. Erdo‘g‘an Qohirada mamlakatlar savdo hajmini qisqa muddatda 10 milliard dollardan 15 milliard dollarga ko‘tarmoqchiligini ma’lum qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida savdo aloqalarini rivojlantirish va energiya, mudofaa, turizm, sog‘liqni saqlash, madaniyat va ta’lim sohalarida hamkorlik qilish uchun 20 ga yaqin shartnoma imzolanishini kutilmoqda. Shuningdek, qayta tiklanadigan energiya va suyultirilgan gaz bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 12 yil ichida ilk rasmiy tashrif bilan Misrga borgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Misr

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made