Misr “Makka pakti”ga qo‘shilishi mumkin – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Misr yaqinda Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston tomonidan Makka shahrida imzolangan qo‘shma mudofaa kelishuviga qo‘shilishi mumkinligini bildirib, Qohiraning a’zo bo‘lishi “ehtimoldan xoli emasligi” va pakt boshqa a’zolar uchun ham ochiq ekanini qayd etdi. Bu haqda u “Al Jazeera Arabic” telekanalida yakshanba kuni kechqurun efirga uzatiladigan “Al-Muqabala” ko‘rsatuvi uchun bergan intervyusida so‘z ochdi.

Erdo‘g‘an Makka qo‘shma mudofaa bitimi ishtirokchilardan birortasiga tashqi hujum bo‘lgan taqdirda tomonlarni birlashgan qadamlar tashlashga majbur qilishini aytgan.

“Ushbu kelishuv dunyoga muhim xabar yubordi”, deydi Erdo‘g‘an va Misrning ishtiroki uning kelajakdagi kengayish imkoniyatlaridan biri ekanini qo‘shimcha qilgan.

Turkiya yetakchisi bir qator mintaqaviy masalalar, jumladan, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik, shuningdek, Suriya, G‘azo va Livandagi urushlar haqida to‘xtalib o‘tgan Turkiya yetakchisi bo‘g‘ozning qayta ochilishi Anqara uchun ustuvor vazifa ekanini aytib, uning yopiq qolishi hech kimning manfaatlariga xizmat qilmasligini ta’kidlagan. U mintaqadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha vositachilik harakatlarida Qatar muhim rol o‘ynaganini e’tirof etgan.

Erdo‘g‘an Turkiya o‘z qo‘shnilarini mintaqaviy beqarorlik qarshisida yolg‘iz qoldirmasligiga va’da berib, ayniqsa Suriya, G‘azo va Livanni alohida ta’kidlab o‘tgan. U Anqara Suriyada barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini, ushbu mamlakatga tashrif buyurish rejasi borligini hamda Suriya kurdlari “tinchlik va barqarorlikdan o‘z ulushini olishini” qayd etgan. Turkiya, shuningdek, kurd jamoalari bilan aloqalarni mustahkamlashda va butun mintaqa bo‘ylab ularning huquqlarini himoya qilishda davom etadi, deb qo‘shimcha qilgan u.

G‘azo masalasiga to‘xtalar ekan, Erdo‘g‘an Turkiya “G‘azoni yolg‘iz tashlab qo‘ya olmasligini” va uni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan hamma narsani qilishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Isroil urushni davom ettirayotgan bir paytda, HAMAS o‘z majburiyatlarini halollik bilan bajarmoqda.

Livan mavzusiga o‘tar ekan, Turkiya Prezidenti Isroilning davom etayotgan hujumlari Anqara uchun jiddiy xavotir manbai ekanini bildirgan. U AQSH Prezidenti Donald Trampning yaqinda Turkiyaga qilgan tashrifi chog‘ida Livandagi urushga chek qo‘yish zarurligi masalasini ko‘targanini aytib, harbiy harakatlarni to‘xtatishda Vashingtonning roli muhimligini ta’kidlagan.

Erdo‘g‘an Turkiya Sudanni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgan va uning Suveren kengash rahbari Abdul Fattoh al-Burhon bilan munosabatlarini yaxshi deb baholagan. U Anqaraning Liviya bilan munosabatlari barqaror ekanini va Turkiya uni tashlab qo‘ymasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, “Makka pakti” nomi bilan ham tanilgan ushbu bitim joriy yilning 7 avgust kuni muqaddas shaharda Erdo‘g‘an, Muhammad bin Salmon va Shahboz Sharif tomonidan imzolangan edi. Unda uch mamlakatdan biriga qilingan qurolli hujum ularning barchasiga qilingan hujum sifatida baholanishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, tahlilchilar ushbu jamoaviy tiyib turish bandini NATOning 5-moddasiga qiyoslamoqda. Biroq Islomoboddagi rasmiylar buni NATO analogi yoki biror bir muayyan davlatga qarshi qaratilgan deb talqin qilmaslikka chaqirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing