Arxivlarda saqlanayotgan tarixiy davr hujjatlari maxfiylikdan chiqariladi
Jamiyat
−
21 Sentabr 2019
5586Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tashkil etildi.
2020 yil 1 yanvardan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan boshqaruv (ish yuritish)ga oid, ilmiy-texnikaviy va boshqa hujjatlarning arxiv saqloviga topshirilishida hamda o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida ularning elektron va Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi hujjatlarining sug‘urta nusxalari talab etilishi belgilandi.
Agentlik:
a) 2020 yil 1 iyungacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha choralarni ko‘radi;
b) 2020 yil 1 iyungacha Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda quyidagi davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishini joriy qiladi:
• o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish;
• ish stajini tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish;
• ish haqini tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish;
• arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi axborotlar bo‘yicha annotatsiya ma’lumotlarini tayyorlab berish;
• arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish);
v) uch oy muddatda:
doimiy saqlovga olinadigan hujjatlar tarkibini optimizatsiya qilish;
• Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismini doimiy saqlash huquqi berilgan vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlar ro‘yxatini qisqartirish;
• arxiv ishi jarayonlarini to‘liq qamrab oluvchi va interaktiv qidiruv imkoniyatlari mavjud bo‘lgan “Arxiv ishi” yagona axborot tizimi yaratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
g) 2021 yil 1 yanvargacha davlat arxivlarida saqlanayotgan fondlarni xatlovdan o‘tkazib, ular haqida tegishli ma’lumotlarni qamrab olgan ma’lumotlar bazasini yaratadi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


