Amerika Prezidenti Mirziyoyevga Saidani maqtab maktub yozdi

Jamiyat

image

AQSH Prezidenti Jozef Bayden joriy yilning 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. AQSH rahbari o‘z xatida AQSH va O‘zbekiston strategik hamkorligi yo‘lida Mirziyoyev bilan ishlaganidan, uning qizi Saida Mirziyoyevani Vashingtonda kutib olish sharafiga muyassar bo‘lganidan mamnunligini bildirgan. Ushbu maktub “Forbes”da e’lon qilindi

“Sizning rahbarligingizda Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lida ishlaganimiz uchun tashakkur. 

O‘tgan yil davomida biz hamkorligimizni yangi marralarga olib chiqdik, jumladan, savdo va investitsion aloqalarimizni mustahkamlash, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy muammolarni hal qilishda birgalikda ishladik”, deb boshlanadi Baydenning xati.

U o‘z so‘zida, Vashington O‘zbekistonda Mirziyoyev boshchiligida olib-borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan: 

“Qo‘shma Shtatlar ham siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlaringizni qat’iyat bilan qo‘llab-quvvatlaydi”. 

Ma’lumki, joriy yilning mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva AQSHga borib, suv masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan BMT anjumanida O‘zbekiston nomidan chiqish qilib, Vashingtonda bir qator rasmiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi. O‘shanda Mirziyoyeva Nyu-York meri bilan uchrashgani, BMTda nutq so‘zlagani va Davlat departamentida mehmon bo‘lgani xabar qilingandiyu uning Oq uyda mehmon bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagandi. Bayden maktubida Saida Mirziyoyevaning Oq uyga borganini ham xotirlagan.

“Qizingiz Saidani shu yil boshida Oq uyda kutib olish sharafiga muyassar bo‘ldik. Uning himoyasi va sizning gender hamda oilaviy zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortishdagi dadil qat’iyatingiz tahsinga sazovor”, deydi Prezident Jozef Bayden. 

Bayden maktub so‘ngida Mirziyoyevni an’anaviy ravishda sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yig‘ilishida ishtirok etishga taklif qilgan. 

“Men yaqinlashib kelayotgan BMT Bosh Assambleyasini intiqlik bilan kutaman, unda biz xalqlarimiz hayotidagi eng muhim vazifalarni hal qilishda muvaffaqiyatga erishamiz. Umid qilamanki, siz men va boshqa yetakchilar bilan birgalikda xavfsizlik, iqtisodiy va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadlariga erishish uchun qanday qilib birgalikda ishlashni davom ettirishimiz mumkinligini muhokama qilish uchun 19 yoki 20 sentyabr kunlari C5+1 rasmiy uchrashuviga qo‘shilasiz”, deydi Bayden hurmat va ehtiromini ifoda etib.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden so‘nggi bor Shavkat Mirziyoyevga joriy yilning fevral oyida maktub yo‘llagan edi. O‘shanda Bayden Mirziyoyevni ikki mamlakakt o‘rtasida tuzilgan diplomatik aloqalarning 30 yilligi bilan qutlab, AQSH va O‘zbekiston munosabatlarini yuqori baholagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Jozef Bayden AQSh va O'zbekiston strategik hamkorlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing