Mirziyoyevning yangi Matbuot kotibi o‘ziga hisobdor hamkasblari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
07 aprel 2021
4229Bundan ikki hafta avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi – Prezident Administratsiyasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Sherzod Asadov bugun, 7 aprel kuni vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv Asad Xo‘jayev rahbarlik qilib kelayotgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan.
Qayd etilishicha, uchrashuvda matbuot xizmatlari faoliyati, ularning jurnalist va blogerlar bilan hamkorligi darajasi tahlil qilingan.
“Keyingi besh yilda mamlakatimizda butkul yangi – davlat idoralari va tashkilotlarining matbuot kotiblari instituti shakllangan bo‘lib, ularga keng vakolat va imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi. Endilikda ularning faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘zlari ishlayotgan tashkilotning ochiqligini ta’minlash va islohotlar natijasini aholiga yetkazishdagi rolini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ayrim vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari sust ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi”, deyiladi Prezident Matbuot kotibining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida berilgan xabarda.
“Ayrim tanqidlar, savollar ochiq qolayapti. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan tanqidiy materiallarga tezkor munosabat bildirish, aholiga to‘liq axborot berish shart. Bu bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirishimiz, hamkorlik vertikalini yaratishimiz kerak. Buning uchun Prezident matbuot xizmati doimo ochiq”, degan Sherzod Asadov.
Uchrashuvda Prezident Matbuot kotibi bilan davlat idoralari matbuot kotiblari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani yo‘lga qo‘yish mexanizmi kelishib olingani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 mart kuni Asadovni o‘zining Matbuot kotibi lavozimiga tayinlayotib, bundan buyon barcha vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari Asadovga hisobdor bo‘lishini aytgan edi.
LiveBarchasi