Mirziyoyevning saylovoldi dasturi: “Gepatit S” 100% davlat hisobidan davolaniladi

Jamiyat

image

O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida “Gepatit S” kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolashni yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. 

“Qadrli farzandlarim, bir narsadan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin: sizlarning qobiliyat va iste’dodingizni ro‘yobga chiqarish uchun biz bundan buyon ham barcha sharoit va imkoniyatlarni albatta yaratib beramiz. Hayotda o‘z isbotini topgan bir haqiqat doim yodimizda turishi zarur: faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. Bundan olti-yetti yil oldin, afsuski, o‘n minglab bemorlar gemodializ, onko-gematologiya yordamidan foydalanish uchun kunlab, oylab navbat kutganlari, qanchasi bu xizmatlarga yetib bora olmagani achchiq haqiqat. Yoki eshitish qobiliyati zaif, yurak nuqsoni va irsiy kasalligi bor minglab bolalarga o‘z vaqtida maxsus tibbiy yordam ko‘rsatilmagani ham hech kimga sir emas”, deydi amaldagi Prezident.

Dasturga ko‘ra, respublikada o‘rtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Buning uchun, 2030 yilga qadar:

  • onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish;
  • onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni esa, 2,5 barobar kamaytirish asosiy vazifa bo‘ladi.

“Biz tibbiyot sohasida katta islohotlarni boshladik. Buning natijasida vaziyat tubdan o‘zgardi. Endi bunday bemorlar uchun zamonaviy shifoxonalar ham, malakali mutaxassislar va davolash uchun mablag‘imiz ham yetarli. Lekin aholimizni tibbiyot tizimidan rozi qilish uchun, hali juda ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, dasturda 120 ming nafar onkologiya, 350 ming nafar diabet, 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olish, “Gepatit S” kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolashni yo‘lga qo‘yish, “tuberkulyoz” bilan kasallanish darajasini yuz ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirish keltirilgan.

Bundan tashqari, dasturda kelgusi yildan birlamchi bo‘g‘in orqali eng ko‘p uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paket aholiga bepul taqdim etilishi qayd etilgan.

Shu bilan birga, onkologik bemorlar hayotini saqlab qolish maqsadida, mamlakatda ilk bor o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi. Bu boradagi xarajatlar ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun to‘liq davlat hisobidan qoplanadi.

“Lekin, aholimizni tibbiyot tizimidan rozi qilish uchun, hali juda ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, deydi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev saylovoldi dastur Gepatit S

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made