Mirziyoyevning Ozarbayjonga borishi kutilyapti
Olam
−
04 iyul
5143Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy Davlatlar Tashkilotining Shusha sammiti doirasida joriy yilning 5-6 iyul kunlari Ozarbayjonga borishi kutilmoqda. Bu haqda “CBC” telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, sammit o‘tkaziladigan sana va dastur ommaga e’lon qilingan. Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Prezidentlari, tashkilotga a’zo davlatlardan kuzatuvchilar, shuningdek, Turkiy Davlatlar Tashkilotining Bosh kotibi ishtirok etishi kutilmoqda. Sammit mavzusi “Transport aloqasi va iqlim bo‘yicha harakatlar orqali barqaror kelajakni qurish” deb nomlangan.
Manbaning yozishicha, ushbu sammit tashkilotning asosiy masalalari va kun tartibi bo‘yicha yuqori darajadagi muhokamalar uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi. Sammit yakunlangach, kun tartibiga asosan Qorabog‘ deklaratsiyasi hamda boshqa bir qator muhim hujjatlar imzolanadi. Sammit oldidan Turkiy Davlatlar Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda norasmiy sammit kun tartibidagi masalalar va rahbarlar tomonidan imzolanadigan hujjatlar bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etgani haqida xabar berilgandi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa TDT sammitida ishtirok etmasdan, Yevro-2024ʼni ko‘rish uchun Germaniyaga boradi.
LiveBarchasi