Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi rejada bo‘lmagan – Peskov
Jamiyat
−
04 fevral 2020
7518Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga joriy yil 5 fevraliga mo‘ljallangan tashrifi yoz oylariga qoldirilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur masala yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot bilan chiqdi. Uning qayd etishicha, avvaldanoq tashrif rejasi bo‘lmagan.
"5 fevralda bo‘lishi rejada bo‘lmagan, shu bois, tashrif kechiktirilishi haqida ham gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Bu noto‘g‘ri ma’lumot", deydi Peskov Mirziyoyevning 5 fevralga rejalashtirilgan tashrifi kechiktirildimi, degan savolga javoban.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil oxirida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov RIA Novostiga bergan intervyusida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiyaga ikkinchi tashrifi 2020 yilning 5 fevraliga rejalashtirilgani haqida aytgan edi.
Intervyuda Ne’matov Mirziyoyev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning har tomonlama rivojlanishi va mustahkamlanishiga katta e’tibor qaratishini alohida qayd etgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa joriy yilning 16 yanvar kuni mamlakatga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda tashrif fevraldan iyun oyiga ko‘chirilganini aytgan edi.
LiveBarchasi