Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi yakunlandi (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Germaniyaga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Berlin shahridagi jahonga mashhur Jeyms Simon galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha” nomli noyob ko‘rgazmani ochdi.

Mirziyoyev ochilish marosimida ikki mamlakatda xalqlarimizning boy madaniy merosi va bugungi yutuqlariga qiziqish ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Ko‘rgazmaning ochilishi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi madaniy aloqalarda diqqatga sazovor voqea bo‘ldi. Uning o‘tkazilishi haqida Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning 2019 yil maydagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida kelishilgan edi”, deyiladi xabarda.

Bayon etilishicha, qariyb to‘rt yil davomida ikki mamlakat arxeologlari, tarixchilari, san’atshunoslari va muzey xodimlari tadbirni tashkillashtirish ustida mehnat qilgan. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida 50 ga yaqin eng qimmatli osori-atiqalar restavratsiya qilingan.

2024 yil 14 yanvar kuniga qadar davom etadigan ko‘rgazmada Berlin davlat muzeylari to‘plamlaridan 65 ta va O‘zbekiston muzeylari to‘plamlaridan 285 ta eksponat namoyishga qo‘yilgan. Ularning ko‘pi O‘zbekistondan tashqarida ilk bor ko‘rsatilmoqda.

Ko‘rgazma mamlakatning qadimiy va boy madaniyati, bugungi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududida joylashgan ilk davlatlarning miloddan avvalgi VI asrdan milodiy IV asrgacha davrini qamrab olgan tarixi haqida so‘zlaydi.

Bu yerdagi durdonalar orasida Kushon saltanatining Dalvarzintepa va Holchayon qo‘rg‘onlaridan topilgan aslzodalar, askar va badavlat ayollar haykallari bor.

Ushbu betakror ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston tarixi bilan tanishish, o‘zbek xalqi merosi to‘g‘risida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Tadbir O‘zbekiston va Germaniya xalqlarining yanada yaqinlashishi va bir-birini anglashiga, ikki mamlakat o‘rtasidagi keng muloqot va ko‘p qirrali hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniyaga tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat delegatsiyalari a’zolari, davlat va jamoat arboblari ishtirokida qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga ikki kunlik tashrifi yakunlandi.

Berlinda davlat rahbari GFR Kansleri Olaf Shols va Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.

Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, “Berlin-Brandenburg” aeroportida oliy martabali mehmonni Germaniyaning rasmiy shaxslari kuzatib qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga ikki kunlik tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing