Mirziyoyeva hamma narsa haqida ochiq-oydin gapiradiganlar uchun duoda bo‘lishni so‘rayapti
Jamiyat
−
31 iyul 2020
62433O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasi orqali Qurbon hayiti munosabati bilan bayram tabrigini yo‘llab, Prezident Mirziyoyev mamlakat xalqi yana oldingidek farovon hayotga qaytishi uchun barcha choralarni ko‘rayotganini aytdi. U so‘zini koronavirus sabab yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirishdan boshladi.
“Olti oy oldin hammasi boshqacha edi. Hayot bir maromda o‘tardi, ko‘chalarda bemalol yurar, xohlagan joyimizga borar, yoqtirgan ishlarimiz bilan shug‘ullanar va, eng asosiysi, qandaydir maqsadlar bilan yashar edik.
Bugun esa mamlakatimiz ahli sarosima va qayg‘uda. O‘zbekistonimizda kasallik avj olgan, bundan har birimiz tashvishdamiz. Yaqinlar, do‘stlar, ota-onalar,qavmu qarindoshlar — hammadan har kuni bir-biridan g‘amgin voqealarni eshityapmiz. Bularni tinglash og‘ir va qayg‘uli.
Yaqinlarini yo‘qotgan barcha kishilarga o‘z hamdardligimni bildiraman. Xastalikka qarshi mardonavor kurashayotganlarga shifo, ularga g‘amxo‘rlik qilayotganlarga esa sabr-toqat tilayman. Sizga kuch-quvvat yor bo‘lsin!”
Mamlakatda shifokorlarning sabri sinovdan o‘tmoqda. O‘zbekistonda 15 mart kuni boshlangan pandemiya 4,5 oydirki, shifokorlarni ancha toliqtirib qo‘ydi. Kasallik esa kundan kunga avj olmoqda. Yangi shiofxonalar qurildi, ayrim yirik ob’ektlar vaqtincha shifoxonalarga moslashtirildi. O‘zbekistonda shifokorlar, hamshiralar va boshqa tibbiyot xodimlariga ehtiyoj soat sayin ortmoqda. Mirziyoyeva ham o‘z tabrigida hayotini xavf ostiga qo‘yib, kasallik bilan kurashayotgan tibbiyot xodimlarini olqishlaydi.
“24 soat davomida tik oyoqda ishlayotgan shifokorlarga ta’zim qilaman, ular salomatliklarini xatarga qo‘yib, bemorlarni davolashda davom etmoqdalar. Bugun uyiga borolmay, ish joyida qolishga majbur bo‘layotgan barcha-barchaga ming rahmat. To‘rt devor ichida bularning hammasini tezroq barham topishini sabrsizlik bilan kutayotganlarni yaxshi tushunaman. Oson emas. Lekin hozir bizdan talab etiladigani faqat sabrdir. Kutishdan boshqa ilojimiz yo‘q.
Biz albatta odatiy hayotimizga, erkin va baxtiyor kunlarga qaytamiz. Ishontirib aytamanki, Prezidentimiz shunday kunlar tezroq kelishi uchun hamma choralarni ko‘rmoqdalar, biror so‘zingizni e’tibordan chetda qoldirmay, har biringizning dardingizga sherik bo‘lmoqdalar. Prezident uchun hammamiz, butun xalqimiz yagona, katta bir oila va bunda har bir insonning munosib o‘rni bor”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Milliy mas-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining so‘zi yakunidagi jumlasi e’tiborga molik. U barchadan duoda bo‘lishni so‘rarkan, hamma narsa haqida ochiq-oydin gapiradiganlar uchun ham duo qilishga chorlaydi. Prezident oilasi a’zosining o‘z tabrigida so‘z erkinligini ochiq-oydin qo‘llab-quvvatlashi bugungacha O‘zbekiston sharoitida bu tarzda qayd etilmagan. Ayniqsa, mintaqa mamlakatlarida koronavirus bilan bog‘liq faktlar yashirilayotgan bir paytda Mirziyoyevaning ochiqlik va oshkoralik uchun ham duoda bo‘lishga chorlovi mamlakatning bu boradagi prinsiplari mustahkam ekanini ko‘rsatayotgandek.
“Mana shunday yorug‘ va ulug‘ bayramda barchamiz kuch va jasoratimizni jamlab, duoda bo‘lishimizni so‘rayman. Bugun kasallik tufayli oramizdan ketganlar uchun, xastalik bilan kurashayotganlar va uni yengayotganlar uchun, yaqinlarini yo‘qotib, iztirob chekayotganlar, barcha-barcha uchun. Farzandlari qornini to‘ydirish g‘amida yurganlar uchun. O‘zida borini begonalardan ayamayotgan ko‘ngillilar uchun. Va hamma narsa haqida ochiq-oydin gapiradiganlar uchun.
O‘zbekiston xalqi uchun”, deydi Mirziyoyeva.
LiveBarchasi