Mirziyoyev: “JSTga kirish bo‘yicha masalalar hal qilinmoqda”

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Import mahsulotlari uchinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimida nutq so‘zlagani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston rahbari nutqi davomida mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi borasida fikr bildirib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, Xitoy Xalq Respublikasi Raisining savdo sohasida barqarorlikni ta’minlash, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, shuningdek, turli mamlakatlar iqtisodiyotlarining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash orqali global iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi strategik kursi O‘zbekistonda yuksak baholanmoqda.

“Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning eng muhim jihatlariga to‘xtalishni istardim.

Birinchidan. O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotni, shu jumladan tashqi savdo rejimini liberallashtirish izchil amalga oshirilmoqda.

Jahon savdo tashkilotiga kirish va yanada qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha masalalar hal qilinmoqda.  

Normativ-huquqiy bazamizni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish borasida faol ish olib bormoqdamiz. Bojxona-tarif, fiskal tartibga solish va eksport-import protseduralari mexanizmlarini takomillashtiryapmiz, ularni sezilarli darajada soddalashtiryapmiz, “yashil yo‘laklar”ni shakllantirish davom etmoqda.

Ikki mamlakat bozorlarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasini kelishish va ularni ishlab chiqarish loyihalariga investitsiyalar yo‘naltirilishini rag‘batlantirish taklif etiladi”, degan Prezident Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatning JSTga qo‘shilish jarayoni 2019 yil iyulda O‘zbekiston JSTga Tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi Memorandumni tashkilotga a’zolik arizasini ko‘rib chiqish uchun topshirganidan keyin boshlangandi. O‘tgan yili Yevropa ittifoqi O‘zbekistonning JSTga kirishi uchun 5 mln yevro ajratdi.

2020 yil iyulida O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo‘yicha Ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Yig‘ilish davomida O‘zbekistonning JSTga kirishi nuqtai nazaridan Respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati va istiqbollari to‘g‘risida ma’ruzasi taqdim etilgan. Ushbu jarayonning qayta tiklanishi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilanganligi va mamlakatning ko‘p tomonlama savdo tizimiga qo‘shilishi orqali tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev JST

Baholaganlar

199

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing