Mirziyoyev Japarovga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2022
7712O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 sentyabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarlari Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yaqinda yuz bergan fojiali voqealar yuzasidan fikr almashgan.
“Prezidentimiz qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda vaziyatning avj olishini to‘xtatish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishilganini chin dildan olqishladi”, deyiladi rasmiy Toshkent xabarida.
Suhbatda O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida o‘tkazilgan tadbirlarning sermahsul yakunlarini ham muhokama qilgan.
“Ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish, shu jumladan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Bo‘lajak oliy darajadagi, shu jumladan mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi uchrashuvlarga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqildi”, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati axborotida.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 sentyabr kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan ham chegaradagi vaziyatni muhokama qilgan edi.
LiveBarchasi