Mirziyoyev, Japarov va Rahmon chegaralarning tutash nuqtasi bo‘yicha shartnoma imzolaydi

Olam

image
Nuqta qo‘yildi! Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasi ochildi north_east

Nuqta qo‘yildi! Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasi ochildi

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha shartnoma imzolaydi. Bu haqda bugun, 13 mart kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha bergan qo‘shma bayonotida ma’lum qildi.

“Bugun Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasi bo‘yicha shartnoma imzolash bilan birga, biz hurmatli Sadir Nurgo‘joyevich bilan yaqin vaqt ichida Tojikiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha shartnoma tuzishga kelishib oldik”, dedi Imomali Rahmon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjat 31 mart kuni Xo‘jand shahrida imzolanishi rejalashtirilgan.

Bundan avval Sadir Japarov va Imomali Rahmonning muzokaralari chog‘ida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari 31 mart kuni Xo‘jand shahrida Navro‘z bayramini birgalikda nishonlashi aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Edil Baysalov 31 mart kuni Xo‘jandda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlari ishtirokidagi ilk uch tomonlama sammit bo‘lib o‘tishini e’lon qilgan edi.

Uning ta’kidlashicha, uch davlat yetakchilari Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan hamkorlikning asosiy masalalarini muhokama qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston chegara Qirg'iziston va Tojikiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing