Mirziyoyev Janubiy Koreya Prezidenti bilan uchrashib, uni O‘zbekistonga taklif qildi
Olam
−
24 Sentabr 2025 3400 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Keyingi yillarda o‘zaro hamkorlikda katta yuksalishga erishilgani, barcha darajalardagi almashinuv va muloqotlar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Qolaversa, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan ko‘p yillar davomida samarali sheriklik qilib kelinayotgani, loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollarga yetganiga yuksak baho berilgan.
Muhim xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, transport, aviatsiya, biotexnologiyalar va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surishni nazarda tutadigan yangi uzoq muddatli texnologiya va sanoat sherikligi dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Shu bilan birga, hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishini samarali qilib o‘tkazish muhimligi qayd etilgan.
Mintaqaviy, shu jumladan, “Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi“ formatida hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari Koreya Prezidentini davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning muzokaralari bo‘lib o‘tgandi. Yetakchilar O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari va ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilgan.
Live
Barchasi