Mirziyoyev YeTTBning Samarqand sammitida qatnashdi
Jamiyat
−
17 may 2023
5043Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 may kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, YeTTBning bunday yig‘ilishi O‘zbekistonda 20 yil avval bo‘lib o‘tgan. Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishning yalpi sessiyasida nutq so‘zlagan hamda kengashning bu galgi yig‘ilishi Samarqandda o‘tkazilayotganini O‘zbekistonga nisbatan ishonch ifodasi sifatida baholagan.
Statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston 2022 yilda bankning eng asosiy beshta hamkoridan biriga aylangan. Uning mamlakatdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshgan. Shundan 3,3 milliard yevrolik loyihalar so‘nggi to‘rt yilda boshlangan. Yillik investitsiya hajmi bo‘yicha esa YeTTB Markaziy Osiyoning eng yirik biznes sherigi hisoblanadi.
Davlat rahbari yalpi sessiyada xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tgan.
Xususiylashtirish va xususiy sektor uchun keng sharoitlar yaratish, infratuzilma, tibbiyot, ta’lim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash shular jumlasidan.
Prezident bank bilan hamkorlikda bu sohalarda yangi loyiha va dasturlar amalga oshirilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, bankni qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikdagi mintaqaviy loyihalarda ishtirok etishga taklif etgan.
“Bugungi xalqaro anjuman Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston investitsiya taqdimoti ham o‘tkazilib, biznes sohasida qanday imkoniyatlar borligi ko‘rsatib berilgan. Bundan tashqari, anjuman sessiyalarida sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, transport, energetika sohalarida 40 dan ortiq yirik xususiy sheriklik loyihalari taqdimot qilinadi.
Ma’lumot uchun, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqand sammiti 18 may kuni yakunlanadi.