Mirziyoyev YeXHT komissarini qabul qildi
Jamiyat
−
02 avgust 2022
4292Bugun, 2 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdurahmonovni qabul qildi.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari hamda millatlararo totuvlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash sohasida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
YeXHT institutlari bilan ustuvor yo‘nalishlarda — xavfsizlik, iqtisodiyot va ekologiya sohalarida, gumanitar yo‘nalishdagi konstruktiv muloqot va sermahsul hamkorlikning bugungi darajasi mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘rta muddatli istiqbolda qariyb 50 ta tadbirni o‘tkazish nazarda tutilgan “yo‘l xaritasi” birgalikda amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda Oliy komissar O‘zbekistonda bag‘rikenglik va gumanizm madaniyatini rivojlantirish, millatlararo hamda fuqarolararo anglashuv va totuvlikni ta’minlash, shu asosda yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha olib borilayotgan siyosatga yuksak baho bergan.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, Afg‘onistonning tinch rivojlanishi hamda iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish borasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlangan.
Qator qo‘shma tadbirlar – milliatlararo totuvlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy seminar, xalqaro tajriba va YeXHT tavsiyalarining taqdimotini o‘tkazish, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining millatlararo munosabatlar muammosiga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etishi yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Ko‘p tilli ta’lim sohasida, shu jumladan Markaziy Osiyo ta’lim dasturi doirasida loyihalarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi