Mirziyoyev YeI komissarini qabul qildi
Jamiyat
−
18 mart
1257O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 mart kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Jozef Sikela boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Suhbat avvalida Yevropa Ittifoqining yuqori darajali vakili Shavkat Mirziyoyevga Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshtaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
“Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uni izchil kengaytirish uchun katta imkoniyat va salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va EI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimning tez fursatda imzolanishi ham bunga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, transport va logistika, energetika, raqamlashtirish, qishloq va suv xo‘jaligi, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi. O‘ta muhim mineral resurslarni qayta ishlash sohasida o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda joriy yil aprel oyi boshida Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo - YeI" birinchi sammiti va Iqlim forumini tashkil etish hamda o‘tkazish jihatlari ko‘rib chiqildi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, Jozef Sikela 12-18 mart kunlari Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekistonga ham tashrif buyurishi kutilgan edi. Uning Markaziy Osiyoga sayohati Turkmaniston Respublikasidan boshlandi. Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni amaliy rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Savdo munosabatlarini rivojlantirish, transport aloqalari, energetika xavfsizligi, innovatsion va sarmoyaviy faoliyatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shu doirada Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” tashabbusini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Qolaversa, aynan o‘sha kuni kommisarni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qabul qildi.
Shundan so‘ng, Yevropa Ittifoqi komissari o‘z tashrifini Qozog‘istonda davom ettirdi. U yerda ham vakilni mamlakat Prezidenti Qosim Jomart To‘qayev qabul qildi. Tomonlar mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi. Xalqaro maydonda, shu jumladan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formati doirasida yondashuvlarni yanada muvofiqlashtirishga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi.
Sikelaning keyingi manzili Tojikiston bo‘ldi. U, tashrif doirasida dunyodagi eng yirik energetika infratuzilmalaridan biri bo‘lgan Rog‘un gidroelektr stansiyasiga tashrif buyurdi. An’anaga muvofiq uni ham Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon qabul qildi. Ikki o‘rtada Tojikiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar istiqbollari hamda dolzarb mintaqaviy muammolar muhokama qilingan.
Jozef Sikelani Qirg‘istondagi tashrifi doirasida kecha, 17 mart kuni mamlakat Prezidenti Sadir Japarov qabul qilgan. Uchrashuvda strategik hamkorlikning asosiy masalalari muhokama qilingan. Prezident Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston mustaqillikka erishganidan beri uning ishonchli hamkori bo‘lib kelganini ta’kidlagan.
Shu kuni u Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan ham uchrashdi.
LiveBarchasi