Mirziyoyev yangi tayinlangan xorijiy elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi
Jamiyat
−
30 avgust 2023
3364Bugun, 30 avgust kuni O‘zbekistonga yangi tayinlangan xorijiy elchilar Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, marosimda davlat rahbari Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Yuy Szyun, Malayziya elchisi Ilhom Tua Bin Ilyos, Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart, Turkmaniston elchisi Shodurdi Meredov va Bangladesh Xalq Respublikasi elchisi Muhammad Monirul Islomdan ishonch yorliqlarini qabul qilib olgan.
Prezident xorijiy diplomatik vakolatxonalarning yangi tayinlangan rahbarlarini O‘zbekistondagi faoliyati rasman boshlangani bilan qutlagan va mazkur marosim O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi arafasida o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga egaligini aytib o‘tgan.
Shavkat Mirziyoyev dunyoda geosiyosiy keskinlik kuchayib, o‘zaro ishonch susayib borayotgan, turli mintaqalarda yangi nizo o‘choqlari vujudga kelib, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdidlar ortayotgan sharoitda O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritayotganini ma’lum qilgan.
“Jahondagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro hurmat va amaliy hamkorlikka asoslangan munosabatlar tizimli rivojlanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar bilan ko‘p tomonlama sheriklik mustahkamlanmoqda”, deydi davlat rahbari.
Prezident yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga doir muhim masalalarga e’tibor qaratgan. U Xitoydan yangi tayinlangan elchiga murojaat qilar ekan, Pekin mamlakatning ishonchli va vaqt bilan sinalgan do‘stlaridan biri ekani, u bilan munosabatlar keyingi yillarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etgan.
“Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblarining bir yil avval mamlakatimizga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi hamda joriy yil may oyida Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti doirasidagi samarali uchrashuvimiz ikki tomonlama munosabatlarga kuchli sur’at bag‘ishladi”, degan O‘zbekiston yetakchisi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida o‘zaro savdoni ko‘paytirish, Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi sheriklikni kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energetika, ilg‘or sanoat va infratuzilma, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmasevtika bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni ro‘yobga chiqarish, fan-ta’lim va madaniy almashinuvlarni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlangan.
Shu yilning oktyabr oyida Xitoyda bo‘lajak “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi doirasida oliy darajali uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, Mirziyoyev Malayziya elchisidan yorliqlarni qabul qilib olish jarayonida malakat O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi muhim hamkori ekanini qayd etgan.
“Munosabatlarimiz o‘zaro hurmat va an’anaviy do‘stlik tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda. Davlatlarimizning dolzarb global va mintaqaviy masalalarga doir qarashlari va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqin”, degan O‘zbekiston Prezidenti.
Tadbir davomida elektronika va elektrotexnika, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, turizm, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari, ayniqsa, neft-kimyo korxonalari bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish muhimligi aytib o‘tilgan.
Keyingi yillarda mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan keng aloqalar yo‘lga qo‘yilib, barqaror rivojlanayotgani, yangi loyihalar va aniq dasturlar bilan boyiyotgani hamda parlamentlar, sud idoralari, adliya, ta’lim va moliya vazirliklari o‘rtasidagi sheriklik kengayib borayotganiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yilgani, iqtisodiy yo‘nalishda o‘zaro savdo hajmi yuqori sur’at bilan ko‘payayotgani qayd etilgan.
O‘zbekiston rahbari mamlakat investisiyalar va innovatsiyalar sohasidagi ishga solinmagan ulkan salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishdan manfaatdor ekanini qayd etib, bank ishi va moliya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika, geologiya, kimyo va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirgan.
Shu bilan birga, tili, dini va urf-odatlari mushtarak bo‘lgan Turkmaniston O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnisi, ko‘p asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan do‘sti ekani ta’kidlangan. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda barcha yo‘nalishlarda – siyosat, parlamentlararo aloqalar, savdo va iqtisodiyot, transport, energetika, suv va qishloq xo‘jaligida, madaniy-gumanitar sohada yangi darajaga ko‘tarilgani qayd etilgan.
O‘zbekiston Prezidentining Ashxobodga yaqindagi tashrifi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan sermahsul muzokaralar strategik sheriklikning yanada chuqurlashishiga xizmat qilgani aytilgan.
“Biz savdo aloqalarini kengaytirish, iqtisodiy sohada hamkorlikni mustahkamlash va aniq loyihalarni amalga oshirish, yuk tashish va tranzit hajmini ko‘paytirish uchun ulkan salohiyatga egamiz”, degan Mirziyoyev.
Bangladesh Xalq Respublikasi elchisidan ishonch yorliqlari qabul qilib olinish paytida mamlakatning Janubiy Osiyo va butun islom olamida tez rivojlanayotgan davlatligi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqotlar faollashgani aytib o‘tilgan.
Siyosiy va savdo-iqtisodiy yo‘nalishlarda “yo‘l xaritalari” qabul qilingan. To‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmasevtika, turizm tarmoqlarida sheriklikni kengaytirish, yangi investisiya loyihalari va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish istiqbollari belgilab olingan.
Marosim yakunida O‘zbekiston Prezidenti elchilarga mas’uliyatli va sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yuksaltirish uchun faolroq ishlash va hududlarimizga ko‘proq borishga chaqirgan.