Mirziyoyev yangi maslahatchisi Chakrabarti bilan nimalarni muhokama qildi?

Jamiyat

image

Joriy yilning sentyabr oyi o‘rtalarida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq rahbari Suma Chakrabarti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlanishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik. 

Bugun, 19 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maslahatchi lavozimiga tayinlangan Suma Chakrabartini qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekistonda islohotlar dasturini uzoq muddatli istiqbolda davom ettirishning strategik yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan.

Prezident Matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda chuqur va har tomonlama tahlil asosida, ilg‘or xalqaro amaliyot va tajribani hisobga olgan holda O‘zbekistonda yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash va yangilanishlarni samarali davom ettirishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. 

Xususan, mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish va raqobatdoshligini oshirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishni chuqurlashtirish va boshqaruv kadrlari sifatini tubdan oshirish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan. 

Avvalroq, Suma Chakrabarti Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha shtatdan tashqari maslahatchisi etib tayinlangani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, Suma Chakrabarti 8 yil davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga rahbarlik qilgan. U “Trend” nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston iqtisodi juda yaxshi rivojlanayotganini va bu yiliga 5-6 foizni tashkil etayotganini aytib o‘tgandi.

Chakrabartining ta’kidlashicha, Jahon bankining "Ish yuritish qulayligi" so‘nggi hisobotida, O‘zbekiston oxirgi o‘n ikki oy ichida ishbilarmonlik muhiti eng yaxshilangan yigirma mamlakat qatoriga kiritilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabartini "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Suma Chakrabarti

Baholaganlar

198

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing