Mirziyoyev aholi jon boshiga YAIMni 4 ming dollarga oshirmoqchi
Jamiyat
−
30 may 2023
15439O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshirilishini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyevning dasturida keltirilishicha, 2030 yilga borib iqtisodiyot 2 barobarga oshirilib, 160 milliard dollarga yetkaziladi, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi esa hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshiriladi. Buning natijasida, O‘zbekiston “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiradi.
Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan birga, umumiy qiymati 115 milliard dollar bo‘lgan yirik loyihalar boshlangani, keyingi yillarda strategik mega-loyihalar ishga tushirilishi qayd etilgan. Xususan:
- Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi;
- Ohangaron misni qayta ishlash klasteri;
- Navoiy, Qo‘ng‘irot va Qorako‘lda yirik kimyo-polimer klasterlari;
- Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xom ashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi;
- Tebinbuloq va G‘allaorolda temir ishlab chiqarish majmualari ish boshlaydi.
Natijada 2030 yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo‘lgan mis ishlab chiqarish – 3,5 barobar (500 ming tonnaga), oltin – 1,5 karra (155 tonna), kumush – 3 marta (500 tonna), uran – 3 barobar (10 ming tonna) oshiriladi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor alyuminiy, litiy, po‘lat, grafit ishlab chiqarish boshlanadi.
LiveBarchasi