Mirziyoyev va Jeenbekov “Sardoba” suv omboridagi toshqinni muhokama qildilar
Jamiyat
−
04 may 2020
7041O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 may kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlarining koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakatda ushbu xavfli kasallik tarqalishining, avvalo, savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy oqibatlarini kamaytirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qo‘llab-quvvatlandi.
Turkiy tilliy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida qabul qilingan qarorlarga muvofiq sog‘liqni saqlash va transport vazirliklari rahbarlarining tashkil etilgan ko‘p tomonlama maslahatlashuvlari natijalari yuksak baholandi.
Prezidentlar O‘zbekistonda “Sardoba” suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
Muloqot yakunida o‘zaro tovar ayirboshlashning yuqori sur’atini saqlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kengaytirish, ustuvor investitsiya va infratuzilma, shu jumladan mintaqaviy ahamiyatdagi loyihalarni ilgari surishga qaratilgan birgalikdagi ishlarni faol davom ettirishga kelishib olindi.
Suhbat chog‘ida qator xalqaro masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.