Mirziyoyev va To‘qayev Xivada muzokara o‘tkazdi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xivada uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bildirilishicha, suhbat davomida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, har tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Davlat rahbarlari mashinasozlik, energetika, transport va logistika, konchilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish yuzasidan Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, Hukumatlararo komissiya huzuridagi ishchi guruhlar hamraislarining hisobotlarini tinglagan.

Prezidentlar tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish hamda transport va energetikada infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriq bergan.

Joriy yilda Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi ta’kidlangan.

Gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish, yoshlar ishtirokida madaniyat, ta’lim va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan suv resurslaridan oqilona foydalanish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashilgan.

Ikki va ko‘p tomonlama shakldagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xorazmga yetib kelganini ma’lum qilgan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Xiva Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing