Mirziyoyev va Putin ittifoqchilikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildi
Jamiyat
−
06 Oktabr 2023
7053Rossiya poytaxti Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya-O‘zbekiston muzokaralari yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, anjumanda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya-O‘zbekiston muzokaralari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonot ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo va sarmoyaviy, shuningdek, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka qo‘shimcha turtki berishini qayd etgan.
“Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonot siyosiy, savdo-investisiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik, jumladan, biologik va axborot xavfsizligi sohalarida qo‘shma tadbirlarga qo‘shimcha turtki berishga qaratilgan”, degan Rossiya rahbari.
O‘zbekiston Prezidenti esa mazkur kelishuvlar bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolanishi va uning ijrosi qattiq nazoratga olinishini bildirgan.
“Bugun biz tor doirada ham, kengaytirilgan shaklda ham kelishib olgan bo‘lsak, bularning barchasi bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasini qabul qilamiz, uni ham imzolaymiz, ham qattiq nazoratga olamiz, chunki biz juda jiddiy masalalarni muhokama qildik va yaxshi poydevor va yaxshi istiqbollar bor. Nazorat bo‘lsa, haqiqiy natija bo‘ladi”, degan Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi rossiyalik mavqedoshini o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qilgan.
Kreml saytida Rossiya-O‘zbekiston muzokaralari yakunlari bo‘yicha Prezidentlarning qo‘shma bayonoti ham e’lon qilindi.
Hujjatda keltirilishicha, ikki mamakat o‘rtasida mudofaa sohasida o‘zaro hamkorlikni, harbiy-texnik sohadagi hamkorlikni amaldagi va kelajakdagi kelishuvlar asosida rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Shuningdek, unda terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni noqonuniy himoya qilish, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mavzusi Moskva va Toshkentning diqqat markazida bo‘lishi belgilangan.
Bayonotda “xalqaro munosabatlarda suveren davlatlarda hokimiyatning konstitusiyaga zid ravishda o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan harakatlar, shu bilan birga, uchinchi kuchlarning siyosiy va iqtisodiy bosim o‘tkazish maqsadida ikkitomonlama va mintaqa ichidagi ishlarga aralashishga urinishlari qabul qilinishi mumkin emasligi” ta’kidlangan.
“Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi nizolarni opportunistik siyosiy manfaatlar yo‘lida hal qilishning xalqaro mexanizmlarini suiiste’mol qilish tendensiyasini qoralaydilar hamda xalqaro adliya va xalqaro nazorat organlari o‘z faoliyatini xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalarini buzgan holda amalga oshirishiga qarshi chiqadilar”, deyilgan bayonotda.
Rossiya va O‘zbekiston, shuningdek, ayrim davlatlarning o‘z xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan har qanday urinishlarni hisobga olgan holda, xalqaro xavfsizlik arxitekturasini ajralmaslik, hududiy yaxlitlik, haqiqiy tenglik va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillari asosida mustahkamlashga ko‘maklashishda davom etish niyatini bildirgan. Davlatlarning o‘z xavfsizligini ta’minlashi boshqalarning xavfsizligi hisobiga bo‘lmasligi ta’kidlangan.
“Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalarida nohaq raqobat va xavf-xatarlardan himoya qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralarni ko‘rish niyatida”, deyilgan hujjatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va RF yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasida tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Unda turli dolzarb masalalar kun tartibiga chiqdi, jumladan, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-sodiq munosabatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tilgandi.
Jumladan, Vladimir Putin O‘zbekiston bilan aloqalarga to‘xtalar ekan, Moskva Toshkentning ishonchli savdo hamkorlari orasida birinchi o‘rinni egallab turganini ta’kidlab o‘tgan edi.
Bundan tashqari, Rossiya oktyabr oyidan O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni boshlashi ham Putin tomonidan ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr