Mirziyoyev va Misr Prezidenti Afg‘oniston masalasini muhokama qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdilar. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirishga ahdlashib olingani aytildi. Yetakchilar Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ushbu mamlakat xalqiga ko‘maklashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni susaytirmaslik zarurligini ta’kidladi.

Qolaversa, Mirziyoyev ko‘hna va betakror Misr zaminida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy qabul hamda mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Misr rahbariga xalqining ulkan yutuqlari O‘zbekistonni xursand qilayotganini aytgan.

Shuningdek, Yangi O‘zbekiston strategiyasi va Misrning “Yangi Respublika” dasturi bir-biriga hamohang ekani, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uyg‘unligi to‘g‘risida fikr almashilgan.

“Biz birgalikda nafaqat ikki mamlakat o‘rtasida, balki strategik jihatdan juda muhim bo‘lgan mintaqalarimiz orasida ham mustahkam hamkorlik ko‘prigini bunyod etishni maqsad qilganmiz”, dedi Mirziyoyev o‘z bayonotida.

Uchrashuvda davlat rahbarlari siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqqani ham alohida urg‘ulangan.

“Savdo-iqtisodiy hamkorlikda mavjud ulkan imkoniyatlar va salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani alohida qayd etildi, shu munosabat bilan savdoni ko‘paytirish uchun amaliy mexanizmlar va samarali choralarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Birgalikda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bog‘lovchi maqbul transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi”, deyiladi Axborot xizmati xabarida.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Misr kompaniyalari mamlakatimizda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini bildirib o‘tgan.

“Xalqlarimizni umumiy din, o‘xshash an’ana va urf-odatlarga asoslangan azaliy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Shu munosabat bilan ilm-fan va ta’lim almashinuvlari, umumiy tarixiy va madaniy merosimizni birgalikda o‘rganish, yoshlar o‘rtasidagi va ijodiy aloqalarni kuchaytirish masalalari ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibida alohida o‘rin egallashi ta’kidlandi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Shu bilan bir qatorda ikki mamlakat shoir va adiblari, san’atkorlari va madaniyat arboblarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga tayyorlik bildirilgan. 

Bunda buyuk alloma Ahmad Farg‘oniyning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosini chuqur o‘rganish va yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida ikki mamlakat olimlarining do‘stlik ilmiy jamiyatini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan.

Mirziyoyev nutqining yakunida esa O‘zbekiston-Misr sammitining natijalari ikki tomonlama munosabatlarni do‘st xalqlarning farovonligi yo‘lida sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishi va ularga uzoq muddatli ruh bag‘ishlashiga qat’iy ishonch bildirib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Misr o‘rtasida hamkorlik hujjatlari imzolangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing