Mirziyoyev va Aliyev uchrashuvida Sharof Rashidov xotirlandi
Jamiyat
−
16 Oktabr 2019
8664Xabaringiz bor, joriy yilning 14-15 oktyabr kunlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining yettinchi sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjon poytaxti Baku shahriga borgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda atoqli davlat arbobi, ko‘p yillar O‘zbekiston SSRni boshqargan rahbar, yozuvchi va shoir Sharof Rashidovich Rashidov xotirlandi.
“Biz Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev bilan hamisha faxrlanamiz. O‘zbekistonda uni ehtirom bilan xotirlashadi. Men u bilan ishlagan odamlar bilan ko‘p suhbatlashganman. U har doim o‘zbek xalqiga hurmat bilan munosabat bo‘lgan. Haydar Aliyev Sharof Rashidovich bilan ko‘p bor uchrashib, ko‘plab qiyin masalalarni birgalikda yechishgan. Bugun oramizda hayot bo‘lganlar Haydar Aliyevning har qanday vaziyatda O‘zbekistonga hurmat bilan munosabat bo‘lgani, qo‘llab-quvvatlaganini aytishadi. Bizda “o‘zbek ishi” yuzaga kelgan og‘ir yillarda Haydar Aliyev boshqalardan farqli o‘laroq o‘zbek xalqi haqida o‘z shaxsiy fikriga ega bo‘lgan”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘z navbatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini tasdiqladi.
“Siz mutlaqo haqsiz. U o‘zbek xalqiga katta hurmat va muhabbat bilan munosabatda bo‘lgan. Men o‘smirlik chog‘larimda uning Sharof Rashidovich Rashidov bilan yaqin do‘stligiga guvoh bo‘lganman. Ular aka-ukalardek do‘st bo‘ldilar. Qayta qurish yillarida muayyan guruhlar tomonidan olib borilgan siyosat ularga og‘ir ta’sir ko‘rsatgandi. Bunga bosh bo‘lgan “taniqli” shaxslar Gdlyan va Ivanov edi. Ular faqat O‘zbekistonni emas, barchamizga katta zarar yetkazishgan. Bu Sovet ittifoqining turkiy tilli respublikalarga qarshi ataylab uyushtirgan hujumi edi. Bu hujumlar Ozarbayjonni ham chetlab o‘tmadi. Ular O‘zbekistondagidek voqealarni Ozarbayjonda ham amalga oshirishga harakat qildilar. Ammo bunga vaqtlari yetmadi”, deydi Prezident Ilhom Aliyev.
Suhbat davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni O‘zbekistonga taklif qilgan. Ozarbayjon rahbari ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, yana bir bor O‘zbekistonga kelishdan xursand bo‘lishini aytgan.
LiveBarchasi