Mirziyoyev va Aliyev Qorabog‘dagi Mirzo Ulug‘bek maktabini ochib berdi
Jamiyat
−
23 avgust 2023
6023O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi ikkinchi kunida ikki davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga Fuzuliy va Shusha shaharlariga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘ttgan qariyb 30 yil davomida butkul vayron bo‘lib ketgan Fuzuliy shahrini tiklash jarayonlarida O‘zbekiston Ozarbayjon davlatiga har tomonlama yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Xususan, mustahkam do‘stlik va birodarlik ifodasi sifatida O‘zbekiston yetakchisi 2021 yil 31 mart kuni o‘tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini qayta tiklashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidlagan edi.
Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezident tashabbusining amaliy ifodasi bo‘lgan.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funsional o‘quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o‘tkazish uchun joylar, yugurish yo‘laklari tashkil qilingan.
Ma’lum qilinishicha, ikki mamlakat yetakchilari rafiqalari bilan birga bayramona tasmani kesib, maktabni tantanali ravishda ochib bergan.
Prezidentlar o‘quv binolari va maktab hududi bilan tanishib, o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashgan, ularga o‘qishda muvaffaqiyat tilagan.
So‘ng davlat rahbarlari Fuzuliy shahrida barpo etilayotgan uy-joy majmuasiga tashrif buyurgan.
Prezidentlar majmuadagi xonadon egalari bilan uchrashgan. O‘zbekiston rahbari ularni yangi uyli bo‘lgani bilan tabriklagan.
Samimiy suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining mustahkam do‘stligi va qardoshlik aloqalari haqida so‘z borgan.
Shavkat Mirziyoyev Fuzuliyda hayot barqaror holatga qaytayotganidan mamnunligini bildirgan, Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabog‘ni qayta tiklash va rivojlantirish, aholining farovon turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholagan. Shuningdek, Ozarbayjon xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tilaklari bildirilgan.
Davlat rahbarlari yangi xonadonlarni kirib ko‘rishgan. So‘ng yetakchilar balandlikdan turib vayronagarchilik oqibatlarini va qurilish ishlarini borishini kuzatgan. O‘zbekiston Prezidentiga Fuzuliyni qayta tiklash rejalari to‘g‘risida so‘zlab berilgan.
LiveBarchasi