Mirziyoyev O‘zbekistonda kutilayotgan yangi xavf haqida gapirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda. Bu xavf haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor 19 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida so‘z ochdi. 

Davlat rahbari hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilayotgani, sayyora miqyosida uchta inqiroz – iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotganini urg‘uladi. 

Ana shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanib borayotganini afsus bilan ta’kidladi. 

“Global muammo bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilmoqda. So‘nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi. Bu sa’y-harakatlarimizni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim”, deydi Mirziyoyev.

Mirziyoyevning keltirishicha, keyingi 30 yilda mintaqada havo harorati bir yarim gradusga ko‘tarilgan. Bu – dunyodagi o‘rtacha isishdan ikki karra ko‘pdir. 

“Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda.

Agar o‘z vaqtida ta’sirchan choralarni ko‘rmasak, ushbu muammolar oqibatlari mintaqamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

“Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish tarafdorimiz”, deydi Prezident.

Shuningdek, u, iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olishga qaratilgan “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni taklif qildi.

“Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz. Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etamiz.

Shu o‘rinda ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish biz uchun strategik vazifa bo‘lib qoladi”, deydi Prezident Mirziyoyev. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing