Mirziyoyev “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbariga: “Bor desang, bor bo‘lasan, yo‘q desang, o‘zing ham yo‘q bo‘lasan”

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqot tadbirida temir yo‘l monopoliyasi haqida fikr bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Transport vazirligi kelgusi yildan har bir xizmatning tannarxi va tarkibini keng jamoatchilikka e’lon qilib boradi.

“Hosilovga (Husniddin Hosilov "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruv raisi) o‘xshagan kattakonlar dunyoqarashini o‘zgartirmasa o‘zini o‘zgartiraman. Atrofingda yoshlar. Senam ularga moslashmasang, o‘rningga yoshlarni qo‘yaman. Bizda temiryo‘l hamma narsaga yo‘q deydi. Bor desang bor bo‘lasan, yo‘q desang, o‘zing ham yo‘q bo‘lasan”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident temiryo‘l O‘zbekistonda monopol tashkilot ekanini alohida ta’kidlab, bu sohaning ham o‘zgartirilishi, isloh qilinishi muhimligini aytdi va bunda Germaniya tajribasini qo‘llash bo‘yicha o‘zi bosh bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Davlat rahbari Hosilovga xususiy tashuvchilarni chaqirish vazifasini yukladi. Busiz temiryo‘l sohasida katta o‘zgarish bo‘lmasligini alohida urg‘uladi. 

temiryo‘l sohasidagi monopoliyaga to‘xtalib, ichki va tashqi temir yo‘l tariflari o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.

“Temiryo‘l monopoliyasini bosqichma bosqich o‘zgartiramiz. “Polvontosh” (Surxondaryo), “Afrosiyob parranda” (Samarqand) korxonalari rahbarlari ichki va tashqi temir yo‘l tariflari o‘rtasida katta farq borligi, ya’ni xalqaro tashuvlar narxi ancha yuqoriligini bildirganlar.

Shu bois, Transport vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliya qo‘mitasi bilan birga 2 oy muddatda temir yo‘l tariflarini qayta ko‘rib chiqsin. Bunda tadbirkorlarga o‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan xomashyo importi uchun amaldagi tariflar kamida 25 foiz arzon bo‘lishi kerak. Transport vazirligi kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka e’lon qilib boradi”, dedi Prezident.

 

Qayd etilishicha, temir yo‘l sohasida kelgusi 5 yil uchun 7 mingdan ziyod yuk vagonlariga ehtiyoj mavjud. Bu muammoni davlat tomonidan emas, balki xuddi elektr energiyasi yoki sement ishlab chiqarishga o‘xshab faqat va faqat xususiy sektorni jalb qilish orqali ijobiy hal qilish mumkin.

“Shuning uchun kelgusi yilda o‘z vagoni va konteyneriga ega bo‘lgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va tariflar ikkiga ajratiladi. Bunda, davlat tomonidan faqatgina temir yo‘l infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa bozor tamoyillari asosida tashkil qilinadi”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shuning uchun, xususiy tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

494

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing