Mirziyoyev UNWTO sessiyasida 7 ta taklif bildirdi
Jamiyat
−
16 Oktabr 2023
5665Bugun, 16 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda BMTning Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining tarixiy 25-sessiyasida 7 ta taklifni ilgari surdi. Bu haqda u sessiyada so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi
Birinchi taklif BMT doirasida Global Xavfsiz Turizm kodeksini ishlab chiqish bo‘ldi. Bundan xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish maqsad qilingan.
Ikkinchi taklifda esa yashil turizmni rivojlantirish xalqaro harakatlar dasturini qabul qilish, shuningdek, tashkilotning yashil turizm bo‘yicha eng yaxshi shahar nominatsiyasini ta’sis etish g‘oyasidir.
Shuningdek, Prezident imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida tashkilot doirasida 2025-yilni "Butunjahon turizm yili" deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiyani qabul qilish tashabbusini bildirdi.
To‘rtinchi taklif esa Butunjahon turizm tashkiloti huzurida sayyohlik bo‘yicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish bo‘ldi. Mirziyoyev kengashning birinchi yig‘ilishini Buxoro shahrida o‘tkazishni taklif qildi.
Bundan tashqari, Prezident Samarqandda turizm sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasi ochilganini e’lon qildi.
“Ishonchim komilki, ushbu Akademiya global ta’lim xabiga aylanadi va jahon turizm sanoatini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi”, degan Mirziyoyev.
Aytilishicha, kelgusi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston iqtidorli mutaxassislar uchun maxsus grantlarni taqdim etadi. Prezident boshqa davlatlar vakillarini ham bu dasturda faol ishtirok etishga chaqirgan.
Prezident Mirziyoyev Jahon turizm tashkiloti bilan yaqin hamkorlikda Jahon yoshlar turizmi sammitini Toshkentda o‘tkazish va Ipak yo‘li brendi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun tashkilotning maxsus xalqaro mukofotini ta’sis etish kerakligini ham aytib o‘tgan.
LiveBarchasi