O‘zbekiston Turkiyadan “Bayraktar TB2” jangovar dronini olgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun, 16 noyabr kuni davlat rahbari Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, chegarani qo‘riqlashda qo‘llanilayotgan harbiy texnika va qurol-aslahalarni ko‘zdan kechirgan. Bunda uchuvchisiz uchish apparatlarining ahamiyati alohida ta’kidlangan, ularni ishlab chiqarish masalalari muhokama qilingan.

Shuningdek, Prezidentga Qurolli Kuchlarning salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning shayligi, zamonaviy qurol-aslahalar, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilgan.

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoniga, xususan, “Bayraktar TB2” razvedka-zarba uchuvchisiz uchish apparatining parvozi namoyish etilgan.

Bayraktar droni

“Bayraktar TB2” – Turkiyaning Baykar Makina kompaniyasining uzoq parvoz qila oladigan hujumkor razvedkachi droni. Uning maksimal tezligi 222 km/soat, qanotlari kengligi 12 m, qurilma havoda 24 soatgacha turishi mumkin, dronning amaliy shifti esa 8,2 ming m.

Dron uchish masofasi 0,5 dan 8 kmgacha bo‘lgan ikkita lazerli boshqariladigan UMTAS tankga qarshi raketalari yoki Turkiyaning Roketsan kompaniyasining to‘rtta Bozok, MAM-C yoki MAM-L boshqariladigan aniq bombalari bilan qurollantiriladi.

Bunday turdagi dronlardan Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi jangovar harakatlarda foydalanilgan. Ayni paytda “Bayraktar TB2” dronlari Ozarbayjon, Qatar, Liviya, Marokash, Polsha, Jibuti, Ukraina armiyalari hamda Qirg‘iziston Chegara xizmatida mavjud.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar allaqachon 22 davlatga, jumladan Marokash, Niger va Efiopiyaga sotilgan.

“Bayraktar” dronlarining muallifi Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Shavkat Mirziyoev Qurolli Kuchlar Bayraktar TB2

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing