Mirziyoyev Szinpin bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 17 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida Mirziyoyev taklif va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun Xitoy yetakchisiga minnatdorlik bildirgan. 

O‘zbekiston rahbari XXR Raisini Xitoy tashkil topgan kun hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining o‘n yillik yubileyi bilan dildan qutlagan.

“Makon va yo‘l” tashabbusi qisqa tarixiy davr ichida umumiy taraqqiyot va ravnaqqa erishish yo‘lidagi hamkorlik uchun muhim, inklyuziv va ochiq platformaga aylandi. XXR Raisining “Yashil ipak yo‘li” tashabbusi ilk bor 2016 yilda O‘zbekistonda bildirilgani chuqur ramziy ma’noga ega”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga qat’iy intilishi alohida ta’kidlangan. Shuningdek, har tomonlama strategik sheriklikni yangi davrda rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshirilmoqda. 

Qayd etilishicha, keyingi yillarda Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paygan. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 36 foizga oshgan. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Suhbatda tovar ayirboshlashni yaqin besh yilda 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar borligi haqida yakdil fikr bildirilgan.

Muzokaralarda O‘zbekiston yuqori qo‘shilgan qiymatli innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish orqali yuqori texnologik loyihalarni ko‘paytirishdan manfaatdorligi bildirilgan. 

Shu bilan birga, Xitoyning yetakchi banklari va “Ipak yo‘li” fondi bilan samarali hamkorlikka yuqori baho berilgan. 

“Hududlararo aloqalar faollashgani qayd etildi. Yil boshidan O‘zbekistonga Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi, Shensi, Shandun, Szyansu va Szyansi muzofotlari delegatsiyalari tashrif buyurdi. Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasini o‘rganish va joriy etish borasida samarali tajriba almashish va amaliy hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Aytilishicha, uchrashuvda barcha kelishuvlar ijrosining borishini ko‘rib chiqish maqsadida Hukumatlararo qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish taklif qilingan.

Bundan tashqari, yetakchilar madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida qizg‘in hamkorlikni yuksak baholagan. Xitoy 2023 yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili” deb e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirilgan.

Ma’lum qilinishicha, yaqinda Xanchjoudagi Ipak milliy muzeyida O‘zbekistonning taqdimoti bo‘lib o‘tgan. Pekindagi “Gugun” saroyi muzeyida “Makon va yo‘l” tashabbusi doirasidagi Arxeologik hamkorlik ko‘rgazmasida O‘zbekiston tarixiy merosi ekspozitsiyasi tashkil etilgan. Oktyabr oyi oxirida O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari, kelgusi yil bahorida esa Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Suhbat davomida O‘zbekistonda, ayniqsa yoshlar orasida xitoy tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. 

“Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutining samarali faoliyati bunga katta hissa qo‘shmoqda. Xitoy tilini o‘qitishni va yosh olimlar o‘rtasidagi almashinuvni kengaytirish rejalari belgilab olindi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Prezidenti Toshkentda Xitoyning yetakchi Sinxua universiteti va Pekin universiteti filiallarini ochishni taklif qilgan.

Bundan tashqari, yetakchilar mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashgan. 

“Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev XXR Raisini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi – Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xitoy Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing