Mirziyoyev Toshkentdagi tibbiyot markaziga bordi
Jamiyat
−
18 mart 2023
9032Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
“Bu klinikani mamlakatimiz tibbiyotida yangi bosqich deyish mumkin. 202 million dollarlik loyiha evaziga 6 ta bino bunyod etilib, eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Tibbiy texnologiyalar Germaniyaning kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan”, deyiladi xabarda.
Muassasada kattalar uchun 95 ta va bolalar uchun 33 ta statsionar o‘rin, 1400 ta qatnovga mo‘ljallangan poliklinika tashkil etilgan. Ular yaqin oylarda ishga tushiriladi. Umuman, tibbiyot markazida 50 ta tor mutaxassislik bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Xususan, markazda kardiologiya, angiografiya, travmatologiya, neyroxirurgiya, ginekologiya va urologiya bo‘yicha 5 ta jarrohlik xonasi bo‘ladi. Ularda yiliga 5 mingta yuqori texnologiyali operatsiyalarni amalga oshirish mumkin. Ilg‘or uskunalar kam kesish va tez reabilitatsiya qilish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari bu sharoitlar bilan sinchiklab tanishgan. Markazni muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch muassasaga aylantirish, bu yerdagi tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar bergan.
Majmuada bemorlarning yaqinlari uchun 120 o‘rinli mehmonxona ham barpo etilgan.
Xususiy tibbiyot rivojiga yaratilgan imkoniyatlar natijasida mamlakatda nodavlat shifo maskanlari soni 8 mingtadan oshgan. Ular shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tibbiy yo‘nalishlar 50 tadan 129 taga kengaytirilgan.
LiveBarchasi