Mirziyoyev Termizda oltita yangi korxonani ochib berdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumani Yangiobod mahallasidagi gilam ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu korxona yiliga 2,2 million kvadrat metr gilam ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun Germaniya, Belgiya, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Mahsulotlarning qariyb yarmini eksport qilish rejalashtirilgan. Xomashyoning 80 foizi mahalliylashtirilgan. Korxonada ishga tushirilgan qisqa vaqtda Ozarbayjon va Qirg‘iziston davlatlariga 255 ming dollarlik gilam va gilam mahsulotlari eksport qilingan. Joriy yilda 4 million dollarlik mahsulotni xorijlik buyurtmachilariga yetkazib berishni mo‘ljallamoqda.

Korxonada hozirda tashqi va ichki yoritish tizimi uchun quyosh panellaridan foydalanilmoqda.

Davlat rahbari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirgan.

Ma’lum qilinishicha, shu yerda 6 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirgan.

Unda Termiz shahridagi paxta tolasidan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona, Jarqo‘rg‘on tumanidagi avtoklav gazoblok ishlab chiqarish korxonasi, Angordagi savdo majmuasi, Sariosiyo tumanidagi qurilish materiallari kichik sanoat zonasi, Termiz tumanidagi 3 ming tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxona, zamonaviy issiqxona va To‘palang gidroelektr stansiyasi vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot bergan.

Ta’kidlanishicha, mazkur 6 ta korxona 2 mingta yangi ish o‘rni yaratadi, ularning faoliyati tufayli viloyat ishlab chiqarishiga 370 milliard so‘m, eksportiga 20 million dollar qo‘shiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Termiz korxonalar o'zbekiston yangiliklari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing