Mirziyoyev surxondaryolik fermerlar bilan uchrashdi
Jamiyat
−
13 mart 2023
7369Bugun, 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi fermer xo‘jaligida bo‘ldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu fermer xo‘jalikning yer maydoni 45 gektar bo‘lib, joriy yilda g‘alladan 70, paxtadan 40 sentnerdan hosil yetishtirish mo‘ljallanmoqda. Xo‘jalikda 35 kishi doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlangan.
Davlat rahbari tashrif davomida ekinlar rivojini ko‘zdan kechirib, g‘alla va g‘o‘zaning navi, hosildorligi bilan qiziqqan.
“Nima uchun qishloq xo‘jaligida ilm, innovatsiya kerak, deyapmiz? Avvalo sifat va hosildorlik uchun. Yuqori daromad olishni xohlagan fermer ilm bilan mehnat unumdorligini oshirishga harakat qilishi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lum qilinishicha, ushbu fermer xo‘jaligida ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 34 nafar fuqaroga 20-25 sotixdan yer ajratilgan. Ular ko‘kat, kartoshka, piyoz, sabzi va boshqa ekinlar ekib, yaxshi daromad olgan. Joriy yilda ham qo‘shimcha 18 nafar fuqaroga dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun 30 sotixdan yer maydonlari ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident shunday yer egalari bilan suhbatlashgan.
“Aholiga yer berilib, urug‘, o‘g‘it masalalarida ham yordamlashilmoqda. Faqat mehnat qilish qolyapti. Agar har bir oila o‘zi harakat qilib, hayotida o‘zgarish qilsa, kambag‘allik ham, ishsizlik ham bo‘lmaydi”, deydi davlat rahbari.
Tashrif davomida Surxondaryo iqlimida uch martagacha hosil olish mumkinligi, aholiga ko‘maklashib, daromad manbai yaratish zarurligi ta’kidlangan.
LiveBarchasi