Mirziyoyev Si Szinpin bilan gaplashib oldi. O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha Xitoy tajribasi joriy etiladi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edik. 

O‘zbekiston rahbari ma’muriyatiga ko‘ra, ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy uchrashuvi Xitoy poytaxtidagi Butunxitoy xalq vakillari kengashi uyida bo‘lib o‘tgan. 

Muzokaralar avvalida rais Si Szinpin O‘zbekiston rahbarini samimiy qutlab, unga qishki Olimpiadaning ochilish marosimida shaxsan ishtirok etgani uchun chin dildan minnatdorlik bildirgan. 

O‘zbekiston Prezidenti, o‘z navbatida, taklif va samimiy qabul uchun tashakkur bildirib, Xitoy rahbariyati va do‘st xalqini Olimpiya o‘yinlarining ochilishi juda yuksak saviyada o‘tkazilgani, tadbir bugungi Xitoyning ulkan muvaffaqiyat va yutuqlarini namoyish etgani bilan tabriklagan.

Yetakchilar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashganlar.

Yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaat prinsiplariga asoslangan davlatlararo munosabatlarning bugun yuksak darajaga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama aloqalarning faollashishiga xizmat qildi”, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, 2021 yil yakuniga ko‘ra tovar ayirboshlash rekord ko‘rsatkichga yetdi, Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 9 milliard dollarni tashkil etgan.

Xitoyning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida sanoat, kimyo tarmog‘i, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yuqori texnologik loyihalar amalga oshirilmoqda.

“Yashil” iqtisodiyot, sun’iy intellekt, raqamlashtirish va elektron savdo sohalaridagi hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Ipak yo‘li” jamg‘armasi bilan uzoq muddatli hamkorlik bo‘yicha amaliy sheriklikning strategik loyihalarini ilgari surishga qaratilgan yangi “yo‘l xaritasi” shakllantirilmoqda. Moliyaviy-texnik ko‘mak dasturi kengaytirilmoqda.

Uchrashuvda ushbu tashrif doirasida imzolangan besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini keng ko‘lamda amalga oshirish muhim ekani qayd etilgan.

Mutanosib tovar ayirboshlashga erishish, samarali hududlararo almashinuvlarni qayta tiklash va samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda chora ko‘rishga alohida e’tibor qaratilgan.

Kambag‘allikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olingan.

Sog‘liqni saqlash, an’anaviy tibbiyot, turizm, ta’lim, madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlik dasturini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan.

Muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalarni ilgari surish maqsadida qo‘shma Xukumatlararo qo‘mita va uning sohalar bo‘yicha kichik qo‘mitalarining navbatdagi majlislarini o‘tkazish masalalari kelishib olingan. 

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Afg‘onistonda tez fursatda tinchlik o‘rnatilishiga va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish ko‘rib chiqilgan.

Rais Si Szinpin O‘zbekistonning joriy yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan. 

Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy yetakchisi va xalqini oy taqvimi bo‘yicha kirib kelgan Yangi yil bilan tabriklagan va qishki Olimpiada muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining uchrashuvi ochiq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan. O‘zbekistonning joriy yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlangan. 

Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy yetakchisi va xalqini oy taqvimi bo‘yicha kirib kelgan Yangi yil bilan tabriklagan va qishki Olimpiada muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining uchrashuvi ochiq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

172

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing