Mirziyoyev Shahboz Sharif bilan bir qator masalalarni gaplashdi
Jamiyat
−
26 fevral 2025 2792 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbarlari keyingi yillarda ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shuningdek, muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi. Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida Mirziyoyev O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini o‘tkazishni taklif etdi.
O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga ham alohida to‘xtaldi. Keyingi bir necha yilda “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar ko‘paygani qayd etildi. Yuk aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.
Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yilning iyul oyida Lahor shahrida o‘tkazishga, keng ko‘lamli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini 2026 yilda o‘tkazishga kelishib olindi. Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgandi. Bugun, 26 fevral kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida uni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi