Mirziyoyev senator Enaxon Siddiqova vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senati a’zosi – O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova shu yilning 13 yanvar kuni vafot etgan edi. Senator vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev hamdarlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbek adabiyoti va madaniyati og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati a’zosi Enaxon Siddiqova shu yil 13 yanvar kuni 68 yoshida vafot etdi”, deyiladi xabarda.

Enaxon Siddiqova 1954 yil 28 avgustda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tug‘ilgan. 1976 yilda Farg‘ona davlat pedagogika instituti (hozirgi Farg‘ona davlat universiteti)ning filologiya fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1976 yilda o‘qituvchilikdan boshlab, Oltiariq va Farg‘ona tumanlaridagi maktablarda o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, maktab direktori bo‘lib ishladi. Qator yillar Farg‘ona tumani va Farg‘ona viloyati hokimliklarida mas’ul vazifalarda ishlab, xotin-qizlarning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish, barkamol avlod tarbiyasi yo‘lida faollik ko‘rsatdi.

Shuningdek, iste’dodli shoira, jonkuyar jamoatchi sifatida tanildi. Uning ko‘p yillik ijodiy izlanishlari mahsuli bo‘lgan, azaliy qadriyatlarga mehr va sadoqat tuyg‘usi mahorat bilan tarannum etilgan “Qorako‘z turnalar”, “Ko‘nglim ufqlari”, “So‘z ustidagi dunyo”, “E’zozli ayollar”, “Ona haqida qo‘shiq”, “Barxanlarda ungan gul” singari o‘nlab asarlari kitobxonlar qalbidan munosib joy egalladi.   

Enaxon Siddiqova 2001 yildan hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari sifatida ishlab keldi. U yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishda tashabbuskor bo‘ldi.

Xabarda Enaxon Siddiqovaning Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Qahramoni, o‘zbek shoiri Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgani urg‘ulangan.

U 2015 yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi sifatida mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qo‘shgan.

Enaxon Siddiqova “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan edi. 

“Taniqli ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Enaxon Siddiqovaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi xabarda.

Ozoda Choriyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing