Mirziyoyev Saudiyaning investitsiya vaziri bilan uchrashdi
Olam
−
11 noyabr
1742Prezident Shavkat Mirziyoyev Ar-Riyod shahriga amaliy tashrif doirasida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi doirasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, eng avvalo, O‘zbekistonda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan. Keyingi yillarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani qayd etilgan.
Qayd etilishicha, joriy yil yakuni bilan O‘zbekistonga Saudiya Arabistoni kompaniyalarining qariyb 2,5 milliard dollarlik investitsiyalari jalb etilishi kutilmoqda.
“Yashil” energetika, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, issiqlik va suv ta’minoti, qishloq va uy-joy kommunal xo‘jaligi kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan Toshkent shahrida o‘tkaziladigan hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkazilayotgan navbatdan tashqari Arab-islom sammiti doirasida Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saudni qabul qilgandi. Uchrashuvda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va “yashil” energetika sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingandi.
LiveBarchasi